O‘zbekiston kompaniyalari Londondagi IPO uchun qanday tayyorgarlik ko‘rishlari kerak

O‘zbekiston kompaniyalari hozircha London fond birjasida IPO (boshlang‘ich ommaviy taklif) o‘tkazmagan bo‘lsa-da, xorijiy investorlarning mamlakat bozoriga qiziqishi tobora ortib bormoqda. Bu jarayonga qanday tayyorlanish kerakligi, yevrobondlar chiqarish zarurmi yoki yo‘qmi, xalqaro kapital jalb etilishiga nima to‘siq bo‘lishi mumkinligi haqida London fond birjasining birlamchi bozorlar bo‘yicha Yevropa yo‘nalishi rahbari Ayuna Nechayeva fikr bildirdi.
Yevroobligatsiyalar — bu birinchi qadam
O‘zbekiston kompaniyalari tajribasiga nazar solinsa, ularning aksariyati xalqaro kapital bozorlariga chiqishni, avvalo, yevrobondlar joylashtirishdan boshlagani ko‘rish mumkin. Bu holat biznes loyihalarni amalga oshirish yoki faoliyatni kengaytirish uchun tashqi moliyalashtirish zarurati bilan bog‘liq. Kapitalga ehtiyoj tug‘ilganda yevrobondlar qulay moliyaviy vosita sifatida e’tiborni tortadi.
Asosiy masala — xalqaro investorlar talablariga javob berishdir. Ular korporativ boshqaruv sifati hamda xalqaro standartlar asosida tayyorlangan moliyaviy hisobotlarni sinchiklab tahlil qiladi. Shu bois, obligatsiyalar birjada joylashtirilgach, bunday hisobotlarni muntazam ravishda taqdim etishga tayyor bo‘lish lozim.
Aslida bu, xalqaro kapital bozorlarida o‘z kuchini sinab ko‘rish uchun birinchi qadam yoki sinov bosqichi vazifasini bajaradi. Kompaniya o‘zini sinaydi, lekin IPO’ga xos bo‘lgan to‘liq mas’uliyat va majburiyatlarni darrov bo‘yniga olmaydi. Ayni paytda, O‘zbekiston kompaniyalari va Moliya vazirligi bu yo‘l bilan sezilarli miqdorda mablag‘ jalb qilgani ko‘zga tashlanmoqda.
Bunday yondashuvning ustun jihatlari nimada? Avvalo, investorlar bozor haqida xabardor bo‘la boshlaydi. 2019-yilda O‘zbekiston ilk marta xalqaro obligatsiyalarini joylashtirgach, xalqaro moliyaviy hamjamiyat mamlakatga jiddiy e’tibor qaratdi. Bu orqali ular mahalliy kompaniyalar sifati, bozor xavfliligi va ishonchlilik darajasini baholay oladi. Qaysidir mintaqadan masalan, O‘zbekistondan ko‘proq muvaffaqiyatli obligatsiya chiqarish holatlari bo‘lsa, bu mamlakat obro‘siga ijobiy ta’sir qiladi va investorlar uchun bozorni chuqurroq tushunishga zamin yaratadi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, IPO oldidan obligatsiyalar chiqarish majburiy bosqich emas. Shunday ekan, kompaniya bu yo‘ldan borishga majbur bo‘lmaydi. Ba’zida ularda qarz kapitaliga zarurat tug‘ilmasligi ham mumkin. Balki ular xalqaro moliyaviy institutlar yoki banklardan yetarli miqdorda qarz olgan bo‘lishi ehtimoli bo‘ladi. Yoki bu strategiyasining bir qismi bo‘lib, ular umuman katta hajmda qarz olishni, ayniqsa xorijiy valyutada, xohlamasligi ham mumkin.
Shunday holatlarda, kompaniya to‘g‘ridan to‘g‘ri IPO’ga tayyorgarlik ko‘rishni boshlashi kerak.
Qaysi kompaniyalar London fond birjasiga IPO orqali chiqishi mumkin
IPO jarayonini rejalashtirishda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan ikkita asosiy jihat mavjud. Birinchisi — bu London fond birjasining tartibga soluvchi talablari bo‘lib, kompaniya ularga to‘liq mos kelishi kerak. Ikkinchisi esa — shartli ravishda «sezilmaydigan», ya’ni investorlar uchun kompaniyani jozibador qiladigan ichki omillardir. Ba’zan barcha talablar bajarilgan bo‘lsa-da, agar kompaniyada investorlarni jalb etmaydigan jihatlar bo‘lsa, IPO amalga oshmasligi mumkin.
Shu bois ochiq bozorga chiqishda quyidagi masalalarga alohida e’tibor berish muhim:
- So‘nggi uch yil uchun moliyaviy hisobotlar Xalqaro moliyaviy hisobot standartlari (XMHS) asosida tayyorlangan bo‘lishi zarur.
- Kompaniyaning kuzatuv kengashida mustaqil a’zolar ishtiroki majburiy hisoblanadi.
- Risklarni boshqarish va operatsion jarayonlar kompaniya ichida to‘g‘ri tashkil etilgan bo‘lishi kerak.
- IPO vaqtida investorlar uchun kamida 10 foiz ulush taklif qilinishi lozim.
- Qimmatli qog‘ozlar turi: agar kompaniya O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, uning aksiyalari London fond birjasida bevosita sotuvga qo‘yila olmaydi, chunki bu yerda faqat AQSh dollari, yevro yoki funt sterlingda ifodalangan qimmatli qog‘ozlar muomalaga chiqariladi. Shu sababdan, bunday holatlarda ko‘pincha global depozitariy kvitansiyalari (GDR) vositasidan foydalanish tavsiya etiladi.
- Birjada ro‘yxatga olingandan so‘ng, kompaniya yiliga ikki marta — yarim yillik va yillik moliyaviy hisobotlarini e’lon qilib borishi shart.
Nima kompaniyani investorlar uchun qiziqarli qiladi
London fond birjasida ikkita asosiy maydon mavjud: yirik kompaniyalar uchun mo‘ljallangan Main Market va kichik va o‘rta biznes subyektlari uchun tashkil etilgan Alternative Investment Market (AIM). Bunda eng muhim jihat kompaniyaning hajmi emas, balki investorlar nazarida uni jozibador qiladigan omillardir. Investorlar barqaror daromad keltiruvchi va o‘sish salohiyatiga ega biznesni izlaydilar. Bu nafaqat dividendlar ko‘rinishida foyda beradi, balki bozor qiymatining o‘sishi orqali ham daromad keltiradi.
AIM maydonchasida ba’zida sof foydaga ega bo‘lmagan kompaniyalar ham uchraydi — masalan, operatsion foydasi bor, lekin sof daromad hali shakllanmagan. Bunday holat ba’zi sohalarda maqbul hisoblanadi. Masalan, qazilma boyliklarni izlash bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar hali ishlab chiqarishni boshlamagani tabiiy holat bo‘lib, bu kon sanoati uchun normal hisoblanadi. Shuningdek, tez sur’atlarda rivojlanayotgan va katta tushumga ega bo‘lgan, biroq butun daromadini biznesni kengaytirishga yo‘naltirayotgan fintech kompaniyalar ham bunga misol bo‘la oladi. Biroq, agar an’anaviy sohalarda, masalan, oziq-ovqat ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi kompaniya yetarlicha foyda ko‘rsatmasa, investorlar tomonidan savollar tug‘ilishi mumkin.
O‘zbekiston kabi «frontir» bozorlar uchun investorlar nazarida xavf darajasi tabiiy ravishda Germaniya kabi rivojlangan mamlakatlarga nisbatan yuqoriroq bo‘ladi. Shu bois, ular ushbu xavfni muvozanatlashtirishga harakat qilishadi. Shunday kompaniyalarning aksiyalari bozorga biroz chegirma bilan chiqarilishi mumkin — bu chegirma har doim katta bo‘ladi degani emas.
Diskont (chegirma) o‘zi nima? U odatda risklar mavjud bo‘lganda qo‘llaniladi, biroq har bir investor bu risklarni o‘ziga xos tarzda baholaydi. Boshqacha aytganda, kompaniya birjaga chiqayotganida, investorlar uni shu yoki boshqa maydonchada allaqachon savdoga qo‘yilgan o‘xshash kompaniyalar bilan solishtiradi. Bozor ko‘rsatkichlarini tahlil qilib, ular adolatli bahoni belgilaydi. Agar risk yuqori deb topilsa, narx o‘rtacha bozor darajasiga nisbatan pasaytiriladi. Ammo bu qat’iy qoida emas: agar kompaniya mavjud raqobatchilardan ustun bo‘lib ko‘rinsa, diskont qo‘llanilmasligi ham mumkin.
Amaliy tajribaga ko‘ra, agar kompaniya ilgari IPO o‘tkazilmagan mamlakatdan chiqsa va u rivojlanayotgan yoki «frontir» deb baholanuvchi bozorda joylashgan bo‘lsa, u holda iqtisodiy, siyosiy yoki sohaviy xavflar fonida, odatda, biror darajada chegirma qo‘llanilishi ehtimoli yuqori bo‘ladi.
Birjaga kirishning asosiy bosqichlari
Kompaniya ommaviy bozorga chiqib, aksiyalarini IPO orqali joylashtirishga qaror qilganida, bu yo‘ldagi asosiy bosqichlarni aniq anglash muhim bo‘ladi. Quyida bu jarayon qanday tartibda amalga oshirilishi keltirib o‘tilgan.
1. Muddatni belgilash.
Dastlab kompaniya aksiyalarni qachon ommaga taklif qilmoqchi ekanini aniqlab olishi zarur — bir yildan so‘ngmi, ikki yildan keyinmi yoki undan ham kechroq. Qolgan barcha tayyorgarlik ishlari aynan shu qarorga bog‘liq bo‘ladi.
2. Maslahatchilarni tayinlash.
Bu bosqich IPO jarayonidagi eng muhim qadamlardan biri hisoblanadi. Kompaniya bu yo‘ldan yakka o‘zi o‘tolmaydi — bu yerda malakali mutaxassislar jamoasini shakllantirish talab etiladi:
- Investitsiya banklari — aksiyalarni joylashtirish jarayonini boshqaradi va investorlar bilan aloqada bo‘ladi;
- Yuridik firma — aksiyalar chiqarilishi bo‘yicha asosiy hujjat bo‘lgan prospektni tayyorlaydi, shuningdek, tartibga soluvchi organlar va birja bilan huquqiy masalalarni olib boradi;
- Auditorlar — kompaniyaning moliyaviy hisobotini xalqaro standartlarga muvofiq auditdan o‘tkazadi. Ko‘plab kompaniyalar bu bosqichda tayyor moliyaviy hisobotga ega bo‘lishadi, biroq agar xalqaro moliyaviy hisobot (IFRS) mavjud bo‘lmasa, qo‘shimcha vaqt ajratishga to‘g‘ri keladi.
Jamoa shakllantirilgach va rasmiy jarayon boshlanganidan so‘ng, odatda IPO 3–6 oy ichida amalga oshiriladi. Agar aksiyalar egasi 12 oy ichida joylashtirishni rejalashtirayotgan bo‘lsa, dastlabki oylarda maslahatchilarni tanlash va tasdiqlash ishlari olib boriladi, shundan keyin esa faol tayyorgarlik jarayoni boshlanadi.
Qachon birjaga chiqqan ma’qul
Sanoatda «IPO oynasi» degan tushuncha mavjud, ya’ni bu kompaniyalar odatda ommaviy aksiyalarini joylashtirishni rejalashtiradigan mavsumiy davrlardir. Bunday joylashtirishlar, odatda, mavjud moliyaviy hisobotlarga asoslanadi:
- Bahor (aprel–mart) — yil yakunlari bo‘yicha moliyaviy hisobotga tayaniladi.
- Yoz — birinchi chorak yakunlari e’lon qilinganidan keyingi qisqa muddat.
- Kuz (oktabr–noyabr) — yarim yillik moliyaviy hisobotlar asosida.
Eng faol davrlar bahor va kuz hisoblanadi. Aynan shu vaqtlarda bozordagi harakat sezilarli darajada oshadi.
Birjaga kirish narxi qancha
Bu eng ko‘p beriladigan savollardan biri sanaladi. IPO jarayonining qiymati bir nechta omillarga bog‘liq: bitim hajmi, tanlangan birja, kompaniyaning tuzilmasi va boshqa jihatlar hisobga olinadi.
Xarajatlarning asosiy ikkita turi mavjud:
- Anderrayterlar (investitsiya banklari) komissiyasi — odatda bu jalb etilgan kapitaldan olinadigan foiz sifatida belgilanadi. Bunday yondashuv qulay, chunki xarajatlar bevosita kompaniya budjetiga tushmaydi, balki umumiy IPO summasidan ushlab qolinadi.
- Emitent zimmasidagi xarajatlar — bu guruhga yuristlar va auditorlar xizmat haqlari, shuningdek, birja va tartibga soluvchi organlar uchun to‘lovlar kiradi.
Londondagi fond birjasi bilan bog‘liq barcha rasmiy yig‘imlar va stavkalar birjaning rasmiy saytida ochiq e’lon qilingan. Tariflar kompaniya kapitalizatsiyasi va bitim hajmiga qarab farq qiladi.
London birjasi O‘zbekiston kompaniyalaridan nimalarni kutmoqda
Odatda London fond birjasi ro‘yxatga kiritilishi (listing) kutilayotgan kompaniyalar haqida oldindan ma’lumot bermaydi. Biroq shuni ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston bilan yaqindan hamkorlik olib borilmoqda va bu yo‘nalishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Yaqinda e’lon qilingan prezident farmoni va unda IPO uchun tayyorlanayotgan kompaniyalar ro‘yxati puxta tahlil qilindi. Hozirda ushbu kompaniyalar bilan faol muloqot olib borilmoqda. Bundan tashqari, Franklin Templeton o‘zining O‘zbekistonda faoliyat boshlaganini rasman e’lon qildi va hozirda respublika Milliy investitsiya fondini boshqarishni yo‘lga qo‘ydi. Bozor tajribasiga ega bu kabi yirik qatnashchining O‘zbekistonda ishtirok etayotgani juda ijobiy ishoradir.
Umuman olganda, hozirda O‘zbekiston bozori xalqaro investorlar tomonidan katta umid bilan kuzatilmoqda. Davlat va xususiy sektor tomonidan amalga oshirilgan so‘nggi muvaffaqiyatli yevrobond emissiyalari mamlakat imijini jahon moliyaviy maydonida sezilarli darajada yaxshiladi. O‘zbekiston biznesi bilan Britaniya moliyaviy hamjamiyati o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishda ko‘maklashishdan mamnunmiz. Ishonchimiz komilki, o‘zbekistonlik kompaniyalar ommaviy bozorga chiqish chog‘ida Londonda katta qiziqish bilan kutib olinadi.