O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida iqlimiy xavflarni kamaytirish bo‘yicha memorandum imzolandi

Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti va Germaniyaning Xalqaro hamkorlik jamiyati o‘rtasida iqlimiy xavflarni kamaytirish bo‘yicha memorandum imzolandi. Bu haqda O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.
Mazkur hamkorlik Germaniya iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi tomonidan moliyalashtiriladigan mintaqaviy loyiha doirasida amalga oshirilmoqda. Loyiha 2022-yilda boshlangan va 2028-yilgacha davom etadi.
Memorandumning asosiy maqsadi — Markaziy Osiyo mintaqasida iqlim va tabiiy xatarlarni kamaytirish, shuningdek, transchegaraviy suv resurslarini boshqarish sohasida ilmiy-amaliy salohiyatni mustahkamlashdan iborat.
Institut rejasiga ko‘ra, 2025-yil oxirigacha Navoiy ilmiy-tajriba stansiyasi hududida 10 gektar maydonda intensiv bog‘ barpo etiladi va unda tomchilatib sug‘orish tizimi o‘rnatiladi.
Loyiha quyidagi vazifalarni o‘z ichiga oladi:
- suv resurslaridan oqilona foydalanish;
- qurg‘oqchil yillarda hosildorlikni saqlab qolish;
- ekologik muvozanatni ta’minlash;
- agroindustriya kompleksining samaradorligini oshirish.
Shu bilan birga, uzoq muddatli istiqbolda bu tizimlarni boshqa hududlarda ham model sifatida joriy etish rejalashtirilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan qayta ishlovchi yog‘-moy korxonalari bilan mahsulot yetishtiruvchi subyektlar o‘rtasida moyli ekinlar hosilini xarid qilish bo‘yicha shartnomalar endi «Agroplatforma» axborot tizimi orqali tuzilishi haqida yozgandi.
Unga ko‘ra, 2026-yil hosilidan boshlab moyli ekinlar yetishtiriladigan maydonlarning aniq hisob-kitobi yuritiladi. Bundan tashqari, ushbu ekin maydonlarining 500 gektarida ilmiy asoslangan almashlab ekish tizimi joriy qilinadi.