
Kartoshka pyure bilan gulyash – oddiy masalliqlardan tayyorlanadigan, bolalik ta’mini eslatuvchi, to‘yimli va oson taom. Oilaviy tushlik yoki kechki ovqat uchun juda mos.
Kursiv Uzbekistan bugungi taomnomada ushbu ovqatni qanday tayyorlash bo‘yicha retsept bilan o‘rtoqlashadi.
Kerakli masalliqlar
Bo‘lim | Mahsulot | Miqdor |
---|---|---|
Gulyash uchun | Mol go‘shti | 500 g |
O‘simlik yog‘i | 60 ml | |
Piyoz (o‘rtacha) | 1 ta | |
Tomat pastasi | 100 g | |
Un | 2 osh qoshiq | |
Suv | 400 ml | |
Tuz | 1 choy qoshiq | |
Shakar | 1 choy qoshiq | |
Qora murch | 0,5 choy qoshiq | |
Maydalangan petrushka | Biroz | |
Pyure uchun | Kartoshka | 700 g |
Sariyog‘ | 50 g | |
Issiq sut | 100 ml |
Go‘sht va piyozni tayyorlash
Go‘shtni 2–2,5 smli kubiklarga to‘g‘rang: teng pishishi uchun bo‘laklar bir xil bo‘lsin.
Piyozni yarmiga bo‘ling, so‘ng 0,5 smli yarim halqalarga kesing. Go‘shtni qog‘oz sochiq bilan quritib oling — qizarishi osonlashadi.
Qizartirib olish
Qozonda 60 ml yog‘ni o‘rtacha-baland olovda qizdiring. Go‘shtni qizarguncha qovuring, keyin piyozni soling. Yumshab, oltin tusga kirguncha aralashtirib qovuring. Agar yog‘i kamayib qurib ketsa, 1–2 osh qoshiq suv yoki bulon qo‘shish mumkin.
Tomat pastasi va unni qovurish
Qozondagi go‘sht va piyozga tomat pastasi va un qo‘shing, 1–2 daqiqa qovuring. Unning xom hidi ketadi, sous qalinlashishga tayyor bo‘ladi. Tomat pastasini qisqa qovurish achchiqligini kamaytiradi.
Suv va ziravorlar
400 ml iliq suvni 2–3 qismda quyib, doimiy aralashtiring — bo‘lakchalar bo‘lmasin. Tuz, shakar, qora murchni solib qaynating.
Dimlash
Olovni pastga o‘tkazib, qopqoqni yoping va 45 daqiqa davomida dimlang. 45 daqiqadan so‘ng bo‘lakni tekshirib ko‘ring: pichoq oson kirsa, tayyor. Qattiq bo‘lsa, yana 15–25 daqiqa davom ettiring. Sous juda quyuqlashsa, 50–100 ml suv yoki bulon qo‘shib, tuzni qayta muvozanatlang.
Kartoshkani qaynatish
Dimlangan ovqat tayyor bo‘lgunga qadar, kartoshkani 3 santimetrlik kubiklarga to‘g‘rang, sovuq suvga solib, ortiqcha kraxmalini yuvib oling. Tuzli sovuq suvga solib, o‘rtacha olovda 15–20 daqiqa qaynatib, pishganini tekshiring. Suvini to‘kib yuboring.
Pyure qilish
Issiq kartoshkaga 50 g sariyog‘ni solib, ezing. 100 ml sutni alohida qizdirib (qaynab ketmasin), 2–3 bo‘lib quying va silliq pyure bo‘lguncha ezishni davom eting. Tuzni tekshirib sozlang. Sutni issiq qo‘shish pyureni ipakday qiladi. Blenderdan ko‘ra, ezgich ishlatgan afzal.
Bezash
Tarelkani bir tarafiga pyureni solib bir tarafiga quyuq sousli gulyashdan qo‘ying.
Maydalangan petrushka yoki kashnich sepib, dasturxonga torting. Yoqimli ishtaha!
Avvalroq Kursiv Uzbekistan uyg‘urcha manti qanday tayyorlanishi haqida yozgandi.