
16-avgust kuni Chery Xitoyda yangi elektr krossoverlari — Fulwin X3 va X3 Plus modellarini taqdim etdi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Chery Fulwin X3 va X3 Plus modellari qulay imkoniyatlarga ega bo‘lib, narxi mos ravishda $12,5 mingdan $15,3 minggacha va $15,3 mingdan $19,5 minggachani tashkil qiladi. X3L EREV gibrid modeli esa 29-avgustda Chendu avtosalonida namoyish etiladi.
Fulwin X3 4327×1910×1715 mm o‘lchamga ega bo‘lib, 185 kVt (248 ot kuchi) quvvatli orqa g‘ildirakli motor bilan ta’minlangan. Batereya sig‘imi 50,79 yoki 68,36 kVt·soat bo‘lib, yurish masofasi 401 km gacha.


X3 Plus esa kattaroq bo‘lib (4380×1916×1741 mm), qo‘shimcha 70 kVt old motoriga ega to‘liq g‘ildirakdan tortuvchi variantni taklif qiladi. Umumiy yurish masofasi 520 kmni tashkil qiladi.
Salonda 9,2 dyuymli panel, 15,6 dyuymli ekran (X3 Plus’da 2,5K) va Snapdragon 8155 chipi mavjud. Yukxona hajmi 450 dan 1238 litrgacha kengayadi. X3 Plus Falcon 500 tizimi bilan jihozlangan bo‘lsa, X3 modeli 12 ta xavfsizlik funksiyasini o‘z ichiga oladi.

Ma’lumot o‘rnida, Chery Xitoyning yirik avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyasi bo‘lib, 1997-yilda tashkil etilgan. Kompaniya asosan arzon, qulay va zamonaviy texnologiyalarga ega avtomobillar ishlab chiqarishi bilan mashhur. So‘nggi yillarda Chery global bozorga faol chiqib, Yevropa, Osiyo va Lotin Amerikasida o‘z avtomobillarini sotmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Chery va Huawei yangilangan Luxeed R7’ni ishlab chiqara boshlagani haqida yozgan edi.