Kechga nima ovqat: beshbarmoq qanday tayyorlanadi

18-avgust 2025 17:40 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Foto: Zira.uz

Beshbarmoq – turkiy xalqlarning an’anaviy taomi bo‘lib mazkur taom besh barmoq bilan olib yeyilgani uchun ham taomga nom bo‘lib qolgan. Bu taom juda mazali bo‘libgina qolmay quvvatga boy taom hamdir. Ayniqsa, Qoraqalpog‘istonda ushbu ovqat juda mashhur.

Kursiv Uzbekistan kechki ovqatga beshbarmoq tayyorlashda yordamlashadi.

Kerakli masalliqlar

MahsulotMiqdori
Qo‘y go‘shti1,2 kg
Mol go‘shti1,2 kg
Piyoz1–2 bosh
Sabzi1 dona
Qazi300 g
Tuz va qora murchTa’bga ko‘ra
Suv2 litr
Xamir uchun mahsulotMiqdori
Un320–350 g
Tuxum1 dona
Sho‘rva bulyoni100 ml
Tuz1 choy qoshiq

Tayyorlash bosqichlari: go‘shtni qaynatish

Qozonga qo‘y va mol go‘shtini, 1 dona sabzi va butun piyozni solib, 2 litr sovuq suv quyiladi. Sekin olovda 2–3 soat davomida qaynatiladi. Qaynash jarayonida ustida hosil bo‘lgan ko‘pik muntazam olinadi. Go‘sht yumshashiga yaqin tuz va murch qo‘shiladi.

Xamir qorish

Alohida idishda un elab olinadi. Ustiga 1 dona tuxum, 100 ml iliq sho‘rva bulyoni va tuz qo‘shilib, qattiqroq, qo‘lga yopishmaydigan xamir qoriladi. Xamirni yopib, 30 daqiqaga tindirish uchun chetga qo‘yiladi.

Xamirni yoyish va kesish

Tingan xamir yupqa qilib, 1,5–2 mm qalinlikda yoyiladi. So‘ngra 5–7 sm kattalikdagi rombsimon yoki to‘rtburchak shaklda kesib chiqiladi. Xamir bo‘laklari 15–20 daqiqa quritib qo‘yiladi.

Piyozli bulyon tayyorlash

Sho‘rvadan ajratilgan yog‘ alohida kichikroq idishga olinadi. Ustiga yupqa parrak qilib to‘g‘ralgan piyoz solinib, yumshaguncha pishiriladi. So‘ng bu piyozli aralashma yana sho‘rvaga qo‘shiladi.

Xamirni pishirish

Pishgan go‘sht qozondan olinadi. Sho‘rva ichiga xamir bo‘laklari solinib, 1–2 daqiqa qaynatiladi. So‘ng xamirlar olib, kattaroq laganga terib chiqiladi.

Taomni bezash

Go‘shtlar to‘g‘ralib yoki butunligicha xamir ustiga qo‘yiladi. Qazi bo‘laklari va pishirilgan piyoz aralashmasi bilan bezaladi.

Beshbarmoq issiq holda dasturxonga tortiladi. Yoniga sho‘rva alohida kosalarda berilishi mumkin. Yoqimli ishtaha!

Avvalroq Kursiv Uzbekistan uyg‘urcha lag‘mon qanday tayyorlanishi haqida yozgandi.

Shuningdek