
Portugaliyalik tajribali mutaxassis Joze Mourinyo «Benfika»ning yangi bosh murabbiyi etib tayinlandi. Bu haqda Lissabon klubi matbuot xizmati rasman e’lon qildi.
Manbaga ko‘ra, 62 yoshli mutaxassis bilan 2027-yilning yoziga qadar mo‘ljallangan shartnoma imzolangan. Taqdimot marosimida Mourinyo o‘z his-tuyg‘ulari bilan o‘rtoqlashdi.
«Menda juda ko‘p emotsiyalar bor, lekin tajriba ularni boshqarishga yordam beradi. Menga bildirilgan ishonch uchun rahbariyatdan minnatdorman. Bu klub tarixi va an’analarini bilmaydigan portugaliyalik yo‘q. Men dunyoning eng yirik klublaridan birida ishlashga muyassar bo‘ldim», – dedi Mourinyo.
Uning ta’kidlashicha, «Benfika» faoliyati davomida boshqargan boshqa klublardan ko‘ra ko‘proq g‘urur, mas’uliyat va motivatsiya beradi.
«Benfika»da ishlaganimga 25 yil bo‘ldi, ammo bu yerga yubileyni nishonlash uchun kelmadim. Aksincha, bu klub menga ulkan motivatsiya beradi. Men o‘z e’tiborimni aynan shu missiyaga qarataman», – deya ta’kidladi portugaliyalik mutaxassis.
«Benfika» Chempionlar ligasi umumiy bosqichining dastlabki turida «Qorabog‘»ga 2:3 hisobida yutqazgach, rahbariyat avvalgi bosh murabbiy Brunu Laje bilan xayrlashishga qaror qilgandi.
Ma’lumot uchun, Mourinyoning so‘nggi ish joyi Turkiya grandlaridan biri — «Fenerbahche» bo‘lib, u jamoani joriy yilning avgust oyida tark etgan. 62 yoshli murabbiy bundan avval «Real Madrid», «Chelsi», «Inter», «Tottenhem», «Roma» va «Portu» klublarida faoliyat olib borgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Niderlandiyaning «Ayaks» klubi akademiyasidan 11 nafar mutaxassis «Namangan» futbol maktabida ish boshlashi haqida xabar berilgandi.