
9-sentabr kuni Apple tomonidan AirPods Pro 3 quloqchinlari taqdim etilgan edi. Real vaqtda tarjima qilish imkoniga ega bu qoloqchinlar Toshkentda sotila boshlandi. Bu haqda Kursiv Uzbekistan muxbiri ma’lum qildi.
Bunday tizimga ega quloqchin shahar do‘konlaridan birida $350 narxda sotilmoqda. Sotuvchilarning aytishicha, soni cheklangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan real vaqtda tarjima qilish funksiyasiga ega Apple AirPods Pro 3 quloqchinlari taqdim etilgani haqida xabar bergan edi.

Agar suhbatdoshda AirPods bo‘lmasa, foydalanuvchi iPhone’ni gorizontal holatda ishlatib, jonli matn transkripsiyasini boshqa tilga tarjima qilingan holda ko‘rsatishi mumkin. Javob esa foydalanuvchining qulog‘iga o‘z tilida tarjima qilib eshittiriladi.
Eng katta qulaylik uzoq suhbatlarda namoyon bo‘ladi: ikkala tomon ham AirPods Pro 3’dan foydalansa, tarjima tez va bevosita amalga oshadi. Shu bilan birga, ANC funksiyasi suhbatdoshning ovozini biroz pasaytirib, tarjimaga e’tiborni oshiradi va tabiiy muloqotni saqlab qolishga yordam beradi. Qurilma ovoz sifati, shovqinni bekor qilish va qulaylik bo‘yicha sezilarli yangilanishlarga ega bo‘lgan.
Yangi model dunyodagi eng samarali Active Noise Cancellation (ANC) tizimini taqdim etadi. U avvalgi AirPods Pro 2’dan ikki baravar, birinchi avloddan esa to‘rt baravar kuchliroq shovqinlarni yo‘qota oladi. Yangi akustik arxitektura ovoz sahnasini kengaytirib, musiqadagi har bir detalni aniq eshitish imkonini beradi.
Yangi quloqchin foydalanuvchilarga yanada qulayroq va mustahkamroq dizaynni taklif etadi. Quloqqa mukammal o‘rnashuvi tufayli naushniklar sport mashg‘ulotlari va kundalik faoliyatda ishonchli ishlatiladi.