
Birinchi avlod Hyundai Creta krossoveri Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH) mamlakatlaridagi ikkilamchi bozorda hamon xaridorlarni jalb etmoqda. Avtomobil ixlosmandlari modelni oddiy tuzilishi va 300 ming kilometrgacha jiddiy ta’mirlarsiz ishlash resursi uchun qadrlashadi. «Za rulem» nashri mazkur avtomobilning kuchli va zaif tomonlari haqida ma’lumot berdi.
2016 – 2021-yillarda ishlab chiqarilgan budjetli krossover o‘zining ishonchliligini amalda isbotlagan. Mutaxassis Sergey Zinovyevning aytishicha, ikkilamchi bozorda modelning mashhurligi uning oddiy agregatlari va to‘liq yurituvchi versiyalarining mavjudligi bilan izohlanadi (takliflarning qariyb uchdan biri).
Hyundai Creta’ning ishonchliligi va xizmat muddati

E’lonlarga ko‘ra, mashinalarning beshdan biri allaqachon 150 ming kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tgan. Ayrim nusxalar esa 300 – 350 ming kilometrgacha kapital ta’mirlashsiz ishlagan.
1,6 (123 ot kuchi) va 2,0 (149 ot kuchi) hajmdagi dvigatellar sifatli texnik xizmat ko‘rsatilsa, uzoq muddat xizmat qilishi bilan ajralib turadi. Mutaxassislar moyni 7-8 ming kilometrda almashtirish va qish mavsumida ehtiyotkorlik bilan haydashni tavsiya etadi. 2017-yilda takomillashtirilgan ikki litrli motor qo‘shimcha moy purkagichlari bilan jihozlanib, qizib ketish va silindr devorlarining shikastlanish xavfini kamaytirgan. Bunday dvigatellar yanada ishonchli hisoblanadi.
Qulaylik va foydalanish

Avtomobil egalari yuqori klirens (190 mm), qulay osma tizimi va 1,6 litrli motorning tejamkorligini alohida ta’kidlashadi. Kamchiliklar qatorida bo‘yoq qoplamasining tez shikastlanishi, mo‘rt old oyna va yetarlicha ovoz izolyatsiyasining yo‘qligi ko‘rsatilgan. Shunga qaramay, Creta akustik qulaylik bo‘yicha eng yaxshi modellardan biri.
Mexanik va avtomatik uzatmalar qutisiga oid shikoyatlar deyarli uchramaydi — ularning resursi 250 ming kilometr va undan yuqori deb baholanadi. Elektronika va multimedia tizimi ham 150 ming kilometrgacha ishonchli ishlashi bilan ajralib turadi.
O‘zbekistonda Hyundai Creta’ning narxi
2025-yilda Hyundai Creta ikkilamchi bozorda murakkab texnologiyalarsiz, amaliy va bardoshli krossover izlayotgan xaridorlar uchun eng yaxshi tanlovlardan biri bo‘lib qolmoqda. Mutaxassislarning fikricha, model o‘zining ishonchliligi, ehtiyot qismlarining mavjudligi va kundalik foydalanishga mosligi bilan xaridorlar talabini to‘liq oqlaydi.
Avtoe’lon.uz saytida chop etilgan e’lonlarga ko‘ra, birinchi avlod Cretani sotib olish narxi yili, holati va yurgan masofasiga qarab $14,3 mingdan $17,8 minggacha, olx.uz e’lonlariga ko‘ra esa $13,5 mingdan $25,5 minggacha o‘zgarib turadi.
Avvalroq Hyundai Creta O‘zbekiston sharoitida oilaviy foydalanish uchun beshta eng yaxshi avtomobil qatoriga kirgani haqida xabar berilgandi.