
Vivo kompaniyasi tomonidan Vivo X300 va X300 Pro smartfonlari 30-oktabr kuni jahon bozoriga chiqariladi. Bu haqda Gizmochina xabar bermoqda.
Model avvalroq Xitoyda taqdim etilgan bo‘lib, endi xalqaro miqyosda sotuvga chiqadi. Har ikkisi ham kompaniya uchun yangi bo‘lgan MediaTek Dimensity 9500 protsessorida ishlaydi va bu Vivo kompaniyasining ushbu chipdan foydalangan ilk flagman seriyasi hisoblanadi.
Jahon bozorida u 16 GB tezkor xotira va 512 GB doimiy xotira bilan sotiladi, biroq Xitoyda mavjud 1 TB versiya xalqaro bozorda chiqmaydi.

Vivo X300 modeli 6,31 dyuymli BOE Q10 Plus LTPO AMOLED displeyga ega. Ramkalari atigi 1,05 mmni tashkil etadi. Displey TÜV sertifikatiga ega. U ko‘z himoyasini ta’minlaydi. Asosiy kamera tizimida 200 MP Zeiss Super Main kamera, 50 MP ultra-keng va 50 MP Zeiss APO telefoto obyektiv mavjud.
Old tomonda 50 MP autofokusli kamera joylashgan. Qurilma V3+ NPU chipi yordamida 4K 60FPS portret video, harakatni kuzatish va tabiiy ranglarni aniqlik bilan uzatadi. Qalinligi 7,95 mm, og‘irligi 190 g bo‘lgan modelda 6 040 mA/soat sig‘imli batareya o‘rnatilgan.

Vivo X300 Pro versiyasi biroz kattaroq 6,78 dyuymli LTPO AMOLED displeyga ega bo‘lib, 1–120 Hz yangilanish tezligida ishlaydi. U 50 MP Sony LYT-828 asosiy sensori, 200 MP telefoto, 50 MP ultra-keng va 50 MP old kameralar bilan jihozlangan. Qurilmada 6 510 mA/soat sig‘imli batareya mavjud. 90 vattli simli va 40 vattli simsiz quvvatlash tizimi qo‘llanilgan. Qalinligi 7,99 mm, og‘irligi esa 226 gni tashkil etadi.



Vivo X300 va X300 Pro seriyasi global bozorda kuchli texnik imkoniyatlar, nafis dizayn va ilg‘or kamera tizimi bilan e’tiborni tortmoqda. Bu model 2025-yilda flagman segmentida jiddiy raqobatchilardan biriga aylanishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Samsung Galaxy S25 Ultra va Vivo X300 Pro kameralari taqqoslangani haqida yozgan edi.