
Turkiya futbol federatsiyasi (TFF) prezidenti Ibrohim Xadjiosmanog‘lu Istanbulda o‘tkazilgan matbuot anjumanida mamlakat futbolida yuzaga kelgan bukmekerlik mojarosi yuzasidan bayonot berdi. Bu haqda Daily Sabah xabar berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, professional ligalarda faoliyat yuritayotgan 571 hakamdan 371 nafari bukmekerlik kompaniyalarida o‘z hisobiga ega, 152 nafari esa faol tarzda o‘ynagan. Ayrim holatlarda tranzaksiyalar soni o‘n minglab operatsiyalarga yetgan. Mazkur holat TFF tomonidan moliyaviy regulyatorlar bilan hamkorlikda olib borilgan keng qamrovli ichki tergov natijasida aniqlangan.
«Futbolimizni korrupsiyaning har qanday soyasidan tozalaymiz. Hech kimga imtiyoz bo‘lmaydi», – dedi TFF prezidenti.
U, shuningdek, Superliga darajasidagi yetti nafar hakam ham intizomiy tekshiruv ostida ekanini tasdiqladi.
FIFA va UEFA tashkilotlarining qoidalari asosida hakamlarga nisbatan diskvalifikatsiya, umrbod taqiq yoki jinoiy javobgarlik choralarini qo‘llashi mumkin. Avvalroq ayrim hakamlar TFF’ni bosim va manipulyatsiyada ayblab, sudga murojaat qilgan edi.
Bukmekerlik o‘yinlari Turkiyada qonuniy bo‘lsa-da, FIFA va UEFA qoidalariga ko‘ra hakamlar uchun qat’iyan taqiqlangan. Tergov davomida ularning hisoblari tekshirilib, shubhali holatlar aniqlangan.
TFF hozircha hakamlarning ismlarini e’lon qilmagan, biroq prezident yaqin kunlarda qat’iy choralar ko‘rilishini bildirdi. FIFA va UEFA ham xabardor qilingan bo‘lib, ular Turkiya hakamlik tizimining xalqaro standartlarga muvofiqligini tekshirishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Turkiya superligasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari Eldor Shomurodov, Abbos Fayzullayev va Husniddin Aliqulov harakat qilib kelmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shomurodov Turkiyada to‘purarlar poygasiga qo‘shilgani haqida xabar bergan edi.