
Xitoyda noyabr oyida taqdim etilishi kutilayotgan Vivo S50 va S50 Pro Mini smartfonlariga oid yangi ma’lumotlar oshkor bo‘ldi. Bu haqda Gizmochina xabar bermoqda.
Dastlab S50 Pro Mini modeli Dimensity 9400 Plus chipida ishlashi aytilgan edi, biroq yangi insayder ma’lumotlariga ko‘ra, qurilma Snapdragon 8 Gen 5 protsessoriga ega bo‘ladi.
S50 Pro Mini 6,3 dyuymli tekis ekran bilan ta’minlanadi, ekran 1.5K aniqlik va 120 Hz yangilanish tezligini qo‘llab-quvvatlaydi. Dizayn jihatidan u S30 Pro Mini modelining ixcham konsepsiyasini davom ettiradi.
Snapdragon 8 Gen 5 hali rasmiy taqdim etilmagan bo‘lsa-da, u 3 nm texnologik jarayon asosida ishlab chiqiladi. Chipda 3,8 GHz asosiy yadrosi, 3,32 GHz ishlovchi yadrolar va yangi avlod Adreno GPU mavjud bo‘ladi.
Manbalarga ko‘ra, Xitoyda birinchi bo‘lib OnePlus Ace 6 Turbo ushbu protsessor bilan chiqadi. Shundan so‘ng Vivo S50 Pro Mini taqdim etilishi kutilmoqda.
Smartfonning batareyasi Vivo X300’dagi 6040 mA/soatlik akkumulyatordan kattaroq bo‘ladi. Orqa panelda periskop telefoto linzali uch kamerali tizim o‘rnatiladi. Old kamerasi esa 50 megapikselli bo‘ladi.
Global bozorda bu model Vivo X300 FE nomi ostida taqdim etilishi kutilmoqda. Xalqaro versiyaning chiqishi 2026-yilning birinchi choragiga mo‘ljallangan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Vivo X300 va X300 Pro smartfonlari to‘rt xil rangda taqdim etilishi haqida yozgan edi.