
Futzal bo‘yicha Osiyo kubogi – 2026 musobaqasi uchun qur’a tashlash marosimi o‘tkazildi. Natijada O‘zbekiston terma jamoasi «C» guruhida Yaponiya, Tojikiston va Avstraliya bilan birga joy oldi.
Musobaqa 2026-yil 27-yanvardan 7-fevralgacha Indoneziyada bo‘lib o‘tadi. Bu guruh nisbatan kuchli deb baholanmoqda Yaponiya Osiyoning eng tajribali jamoalaridan biri, Avstraliya esa so‘nggi yillarda futzalga katta e’tibor qaratmoqda. Tojikiston Markaziy Osiyo mintaqasidagi asosiy raqiblarimizdan biri.

O‘zbekiston futzal terma jamoasi so‘nggi yillarda Osiyo miqyosida barqaror o‘yin namoyish etib kelmoqda. 2024-yilgi Osiyo kubogida jamoamiz bronza medalini qo‘lga kiritgan edi. Bungacha 2001-yilda finalgacha yetib borgan O‘zbekiston chempionlikni qo‘ldan chiqargan.
Jamoa 17 marotaba Osiyo chempionatida ishtirok etgan bo‘lib, qit’aning eng kuchli jamoalari qatorida bo‘lib kelmoqda. Murabbiylar shtabi jamoani guruhdan chiqish va yana bir bor Osiyoning eng yaxshi futzal jamoalari safida bo‘lish uchun jiddiy tayyorlamoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan futzalchilarimiz Toshkentda Qozog‘iston bilan o‘ynashi haqida xabar bergan edi.