
6-noyabr kuni Yevropa Chempionlar ligasining 4-turi doirasida «Manchester Siti» o‘z maydonida Dortmundning «Borussiya» jamoasini 4:1 hisobida mag‘lub etdi. Pep Gvardiola shogirdlari o‘yinni ilk daqiqalardanoq to‘liq nazorat qildi. O‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov bu safar maydonga tushmadi.
Angliyaliklar o‘yinni faol boshlab, raqibni yuqori pressing bilan siqib chiqdi. 23-daqiqada Fil Foden hisobni ochdi, oradan besh daqiqa o‘tib Erling Holand Doku uzatmasidan so‘ng hisobni 2:0 ga yetkazdi.

Ikkinchi bo‘limda ham «Siti» ustunlikni boy bermadi. 58-daqiqada Foden o‘zining ikkinchi golini urdi — 3:0. «Borussiya» faqat 74-daqiqada Antunning aniq zarbasi bilan bir gol qaytardi. Ammo uchrashuv yakunida Rayan Sherki raqib himoyasini yorib o‘tib, 90-daqiqada to‘rtinchi golni kiritdi.
Shu tariqa «Manchester Siti» 4:1 hisobida yirik g‘alaba qozonib, Chempionlar ligasida g‘alabalar seriyasini davom ettirdi. Abduqodir Husanov butun uchrashuv davomida zaxirada qoldi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri «Manchester Siti» «Aston Villa»ga qarshi o‘yinda mag‘lubiyatga uchragani haqida yozgan edi.