
Honda kompaniyasi tomonidan yangilangan Honda Pilot 2026 avtomobili taqdim etildi. Bu haqda Carcoops nashri xabar bermoqda.
Yangilanish modelning dizayni, saloni, texnologiyalari va shovqinga qarshi himoyasini yaxshiladi. Yangi Pilotning old qismi ancha agressiv ko‘rinishga ega bo‘lgan. Bunga o‘zgargan havo olish kanallari, tikroq radiator panjarasi va yirik himoya plastinalari sabab sifatida ko‘rilmoqda. Orqa qismda esa faqatgina himoya paneli yangilangan. Modelga yangi 20 dyuymli disklar va uchta yangi rang qo‘shildi.

Salon to‘liq o‘zgartirilib, Pilot raqamli panelga ega bo‘ldi. Asboblar paneli 10,2 dyuym, mediaekran esa 12,3 dyuymni tashkil etadi. Multimediya Google servislariga ega va 5G qo‘llab-quvvatlaydi.
Barcha komplektatsiyalar endi raqamli panel va elektr bagaj eshigi bilan standart ta’minlanadi. TrailSport orqa o‘rindiqni isitish funksiyasini oldi. Touring esa yaxshilangan bezak materiallari va 360 darajali kamera bilan jihozlandi.

Honda shovqinni kamaytirishga alohida e’tibor qaratdi. Yon oynalar endi shovqinga chidamli materialdan. Eshik va kapotga qo‘shimcha izolyatsiya qo‘shildi. Natijada salon ichidagi shovqin 2–3 dB ga kamaydi. Pilot 2026 yangilangan Honda Sensing xavfsizlik tizimi bilan jihozlandi. U endi to‘qnashuvdan keyingi avtomatik tormozni ham o‘z ichiga oladi.
Dvigatel o‘zgarishsiz qolgan. Model 3,5 litrli V6 (285 ot kuchi) va 10 pog‘onali avtomat bilan ishlaydi. Sport va EX-L versiyalarida to‘liq yurgizuv ixtiyoriy. Touring, TrailSport, Elite va Black Edition esa i-VTM4 tizimi bilan standart keladi. Barcha versiyalar rul boshqaruvi qayta sozlanganidan keyin yanada qulay boshqariladigan bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Honda 2027-yilda yangi V6 gibrid dvigatelini taqdim etishi haqida yozgan edi.