
Chevrolet kompaniyasi tomonidan Braziliyada 2026-yilgi Chevrolet Captiva elektromobili taqdim etildi. Bu haqda GMAutority xabar bermoqda.
Model to‘liq elektromobil bo‘lib, Janubiy Amerikada brendning arzon va ishonchli EV strategiyasidagi asosiy model sifatida bozorga chiqqan.

Yangi Captiva EV Braziliyada faqat Premier komplektatsiyasida sotuvga chiqqan. Model qora rangdagi emblema va gloss-black elementlari bilan yanada jozibali ko‘rinishga ega. Mashina to‘liq xavfsizlik tizimlari, kengaytirilgan funksiyalar va Chevrolet Intelligent Driving haydovchiga yordam beruvchi tizimlari bilan jihozlangan.

Texnik jihatdan, Captiva EV old o‘qdagi yagona elektromotor bilan harakatlanadi. U 201 ot kuchi va 229 lb-ft moment ishlab chiqaradi. 60 kVt/soatli batareya INMETRO bo‘yicha 304 km, CLTC standartiga ko‘ra 510 km masofa bosadi.

Model dastlab Xitoydan import qilinadi, 2026-yilda esa Braziliyaning o‘zida yig‘ila boshlaydi. To‘rt xil tashqi rang, ikki xil salon variantida taqdim etiladi. Kafolat muddati 3 yil yoki 100 ming km, batareya kafolati esa 8 yil yoki 160 ming km.
Narxi 199 990 real bo‘lib, bu qariyb $37,55 mingga teng.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet eski modelini yangilagani haqida yozgan edi.