
O‘zbekiston terma jamoasi va «Manchester Siti» himoyachisi Abduqodir Husanov ingliz klubining e’tiborini yuqori jismoniy ko‘rsatkichlari bilan tortgan. Bu haqda BBC Sport ma’lumotiga tayanib Sports.kz xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Husanov dastlab «Manchester Siti» ko‘rib chiqqan 50 nafar nomzoddan iborat kengaytirilgan ro‘yxatga ham kiritilmagan. Biroq qo‘shimcha tahlildan so‘ng klub mutaxassislari o‘zbekistonlik futbolchining ayrim ko‘rsatkichlarini alohida baholagan.
Husanovning tezligi alohida qayd etilgan
BBC materialida Husanovning himoya chizig‘i ortiga tashlangan to‘plarda sug‘urtalash uchun qiladigan tezkor yugurishlari juda yuqori darajada ekani ta’kidlangan.
«Uning jismoniy ko‘rsatkichlari, masalan, himoya chizig‘i ortini sug‘urtalash uchun qiladigan tezkor yugurishlari favqulodda yuqori darajada edi».
Shu bilan birga, mutaxassislar Husanovga to‘p bilan ishlash borasida o‘sish kerakligini ham qayd etgan.
To‘p bilan ishlashi yaxshilangan
«Manchester Siti» Husanovning 2025-yil yanvaridagi transferidan keyingi rivojlanishidan mamnun ekani aytilmoqda.
BBC keltirgan klub vakillari bahosiga ko‘ra, futbolchining to‘p bilan ishlash ko‘rsatkichlari transferdan keyin sezilarli darajada yaxshilangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Rahmonaliyev terma jamoaning eng quvnoq futbolchisini aytish so‘ralganida Abduqodir Husanov nomini tilga olgani haqida yozgan edi.