
Huawei kompaniyasi Mate 80 seriyasi taqdimotida o‘zining ilk sun’iy intellektga asoslangan hamroh-o‘yinchog‘i — Smart Hanhan’ni namoyish qildi. Bu haqda Gizmochina nashri xabar berdi.
Qurilma Huawei Mall’da 399 yuan (taxminan $56) narxda savdoga chiqarildi va uchala rangdagi variantlar sotuvga qo‘yilgach, qisqa vaqt ichida to‘liq sotib bo‘lindi.
Hissiyotlarni tushunadigan SI-o‘yinchoq
Smart Hanhan — bu ko‘ngil ko‘tarishdan ko‘ra ko‘proq hissiy qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan ixcham o‘yinchoq hisoblanadi. U 80×68×82 millimetr o‘lchamga ega, og‘irligi esa atigi 140 gramm. Tashqi qismi yumshoq mato va silikon kombinatsiyasida bo‘lib, ichki qismida elektron komponentlar joylashgan.

Qurilma Huawei’ning Xiaoyi katta SI modeli bilan jihozlangan. Bu model tabiiy nutqni tushunadi, ohang va kayfiyatni aniqlaydi, shuningdek, kontekstga mos ravishda hissiy-intellektual javob qaytara oladi.
Hanhan ovoz, teginish va harakatni sezadi. Masalan:
- boshiga yengil tegilganda yuz ifodalari o‘zgaradi;
- silash — uning kayfiyatini o‘zgartiradi;
- sekin silkitish — hayajon holatini namoyon qiladi.
Batareya quvvati
O‘yinchoq 1800 mA·soatlik batareya bilan jihozlangan:
- 6–8 soat uzluksiz interaktiv ishlash;
- odatiy foydalanishda — 48 soatdan ortiq;
- to‘liq quvvat olish uchun — taxminan 6 soat ketadi.
Smart Hanhan HarmonyOS 5.0 va undan yangi versiyalarga ega smartfonlar bilan mos ishlaydi. Jumladan, Mate 80, Mate 80 Pro, Mate X7, Mate 80 RS kabi smartfonlar bilan.

U telefon bilan bog‘langanda foydalanuvchi bilan bo‘lgan hissiy muloqotlarni xotira kundaligiga yozib boradi. Shuningdek, Huawei xaridorlarga 3 oylik SVIP a’zoligini beradi. Bu cheklanmagan suhbat energiya ballaridan foydalanish imkonini yaratadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Honor Magic 8 Pro jahon bozorida namoyish qilingani haqida yozgandi.