Yaponiyada 385 ming dollarlik «odam yuvish mashinasi» ishlab chiqarilmoqda

2-dekabr 2025 14:58 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir temirxanovasapura@gmail.com
Yaponiyada 385 ming dollarlik «odam yuvish mashinasi» savdoga chiqdi
Yaponiyada 385 ming dollarlik «odam yuvish mashinasi» ishlab chiqarilmoqda / Foto: Science

Yaponiyaning Science kompaniyasi o‘zining ilk «Kelajak odam yuvish mashinasi»ni tijoriy ishlab chiqarishni boshladi.

Mazkur mashinadan hozircha faqat 50 dona tayyorlanadi va har biri $385 mingdan sotiladi. Ushbu kapsula olti yil davomida yaratilgan va oddiy vannadan ancha farq qiladi. Qurilma foydalanuvchining orqa qismiga o‘rnatilgan sensor orqali biometrik ko‘rsatkichlarni (yurak urishi va boshqalar) o‘lchaydi va yuvinish jarayonini shaxsning holatiga mos ravishda avtomatik sozlaydi. Shuningdek, suv harorati va oqimi real vaqt davomida kayfiyatga qarab boshqariladi.

Kompaniya ta’rifiga ko‘ra, bu 1970-yilgi Osaka EXPO’da Sanyo tomonidan namoyish qilingan mashhur «inson yuvish mashinasi»ning zamonaviy va ancha rivojlangan versiyasi.

Asosiy texnologiya — mikroko‘piklar

Yangi modelning eng asosiy jihati mikroko‘pik texnologiyasi bo‘lib, juda mayda pufakchalar orqali terini chuqur tozalaydi. Ko‘piklar ko‘z bilan ko‘rinmaydi, teri teshiklariga kirib organik iflosliklarni o‘ziga tortadi va terini tozalaydi.

Dastlab foydalanuvchi 2,5 m uzunlikdagi kapsulaga kiradi, yotib oladi va qopqog‘ini yopadi. Shundan so‘ng, kapsulada musiqa va vizual tasvirlar yoqiladi, mikroko‘piklar bilan yuvish boshlanadi va istasa quritish rejimi ham ishga tushiriladi. Umumiy jarayon 15 daqiqa atrofida davom etadi. Kompaniya bu vositani nafaqat samarali yuvinish, balki shaxsiy spa tajribasi sifatida ta’riflaydi.

Savdoga chiqarilish sababi

Avvaliga mazkur kapsulani sotuvga qo‘yish rejalashtirilmagan. Ammo EXPO ko‘rgazmasida 40 ming kishi uni sinab ko‘rish uchun navbatga yozilgach, kompaniya fikrini o‘zgartirdi.

Xabarga ko‘ra, model xususiy uylar uchun sotilmaydi. Istaganlar uni 25-dekabrdan boshlab Tokyo shahridagi Yamada Denki markazida ko‘rishi va sinov tariqasida foydalanishi mumkin.

Kompaniya kelajakda texnologiya yanada rivojlanib, ommaviy ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilsa, arzonroq uy sharoitidagi versiya ham paydo bo‘lishi mumkinligini bildirdi.

Avvalroq Xitoyning Ubitech Robotics kompaniyasi sanoat uchun mo‘ljallangan yangi avlod odamsimon robotlarini ommaviy ishlab chiqarish bo‘yicha rejalarni qisqa muddatda amalga oshirganini xabar bergandi. Kompaniya o‘z bayonotida dunyodagi birinchi ommaviy yetkazib berish amalga oshirilganini ma’lum qildi va yuzlab Walker S2 robotlari hamkor korxonalarga topshirilganini bildirdi.

Shuningdek