Chevrolet Onix avtomobilining xavfsizlik ko‘rsatkichlari qanday

4-dekabr 2025 18:34 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Chevrolet Onix avtomobilining xavfsizlik ko‘rsatkichlari
Foto: Kursiv Uzbekistan

Chevrolet Onix – yaqinda O‘zbekiston bozoriga kirib kelgan zamonaviy yengil avtomobil. UzAuto Motors ushbu modelni 2023-yil may oyida ichki bozorga taqdim etgan. Besh o‘rinli, kichik ko‘rinishdagi sedan avvalo oilaviy foydalanish uchun mo‘ljallangan. Ushbu maqolada Chevrolet Onix avtomobilining xavfsizlik ko‘rsatkichlari haqida so‘z yuritiladi.

Mundarija:

O‘zbekistonda mavjud modeli va versiyalari

O‘zbekistonda sotilayotgan Chevrolet Onix modelning ikkinchi avlodiga mansub bo‘lib, u ilk bor 2019-yilda yangi global platformada taqdim etilgan. 2023-yildan boshlab UzAuto Motors ushbu avtomobilning mahalliy yig‘ilishini yo‘lga qo‘ydi va model ichki bozorda rasmiy savdoga chiqarildi.

Foto: Kursiv Uzbekistan

Onix bir nechta dvigatel va uzatma variantlarida taklif etiladi. Asosiy versiyalarda 1,2 litr hajmli 4 silindrli atmosferali benzin dvigateli (86–90 ot kuchi) 5 pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi bilan taqdim etilgan. Yuqori komplektatsiyalarda esa 1,2 litrli turbomotor (132 ot kuchi) 6 pog‘onali avtomatik uzatma bilan o‘rnatiladi. Turbo-versiya 0 dan 100 km/soat tezlikka taxminan 10,9 soniyada tezlanadi va aralash siklda o‘rtacha 5,9 litr yonilg‘i sarfi bilan ajralib turadi.

Komplektatsiyalar bo‘yicha Onix dastlab soddalashtirilgan bazaviy variantdan boshlab 1LS, 1LT va 3LT kabi mexanik uzatmali versiyalarda sotilgan. Keyinchalik turbomotorli va avtomatik transmissiyaga ega LTZ hamda eng to‘liq jihozlangan Premier, Premier 2, Premier 2 Plus va dizayni sport uslubida bezatilgan Redline versiyalari bozorga chiqarildi.

Standart xavfsizlik tizimlari va jihozlanishi

Chevrolet Onix xavfsizlik borasida zamonaviy talablarga javob beruvchi avtomobil sifatida ishlab chiqilgan. Ishlab chiqaruvchi barcha komplektatsiyalarda haydovchi va yo‘lovchilarni himoya qilishga qaratilgan asosiy passiv hamda aktiv xavfsizlik tizimlarini standart tarzda joriy etgan.

Foto: Kursiv Uzbekistan

Modelning barcha versiyalarida kamida ikkita frontal xavfsizlik yostiqchasi mavjud. Ular haydovchi va old yo‘lovchini to‘qnashuv paytida zarbalardan himoyalashga mo‘ljallangan. Yuqori komplektatsiyalarda esa yon tomondagi hamda pardali xavfsizlik yostiqchalari qo‘shilib, umumiy hisobda oltitagacha airbag o‘rnatiladi. Premier va Redline kabi to‘liq jihozlangan versiyalarda old, yon va shift bo‘ylab joylashgan yostiqchalar salon ichidagi yo‘lovchilarning bosh, ko‘krak qafasi va yon qismlarini kompleks tarzda himoya qiladi.

Barcha Onix modellarida ABS tormozlarning bloklanishiga qarshi tizimi standart tarzda mavjud. U favqulodda tormozlash vaqtida g‘ildiraklar qulflanib qolishini oldini oladi, avtomobil boshqaruvini saqlashga yordam beradi va sirpanish ehtimolini kamaytiradi. Shu bilan birga, elektron barqarorlikni nazorat qilish tizimi ham barcha komplektatsiyalar tarkibiga kiritilgan. ESC avtomobil sirpanishga moyil bo‘lgan vaziyatlarda alohida g‘ildiraklarga tormoz ta’sirini taqsimlab, mashinaning yo‘ldan chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi. Bu tizim ayniqsa keskin burilishlarda yoki sirpanchiq yo‘l sharoitida muhim ahamiyat kasb etadi.

Foto: Kursiv Uzbekistan

Xavfsizlik kamari taqilmaganini eslatuvchi tizim Onix’ning yana bir muhim ustunligi hisoblanadi. U nafaqat old o‘rindiqlar, balki orqa o‘rindiqlardagi yo‘lovchilar uchun ham oralashgan holda ishlaydi. Bu funksiyaning standart tarzda qo‘llanishi mintaqadagi ko‘plab byudjet avtomobillarida kam uchraydi va Onix’ning yo‘lovchilar himoyasiga jiddiy yondashilayotganini ko‘rsatadi.

Avtomobil orqa o‘rindiqlarida bolalar xavfsizlik o‘rindig‘ini mustahkam o‘rnatish uchun ISOFIX mahkamlagichlariga ega. Bu tizim bolalar kreslosini tez va ishonchli tarzda o‘rnatish imkonini beradi hamda kichik yo‘lovchilar xavfsizligini sezilarli darajada oshiradi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ISOFIX deyarli barcha standart versiyalarda mavjud.

Bazaviy komplektatsiyadan tashqari barcha versiyalar shinalar bosimini kuzatish tizimi bilan jihozlangan. Ushbu tizim har bir g‘ildirakdagi bosimni real vaqt rejimida nazorat qiladi va me’yoridan og‘ish aniqlansa, haydovchini ogohlantiradi. Bu shinalar shikastlanishi yoki portlashi bilan bog‘liq xatarlarni erta aniqlash imkonini beradi. Shuningdek, tezlik cheklagichi ham mavjud bo‘lib, u haydovchiga maksimal tezlik chegarasini belgilash imkonini beradi va ayniqsa uzoq safarlarda yoki tezlik cheklovlari amal qiladigan hududlarda xavfsiz rejimda harakatlanishga yordam beradi.

Foto: Kursiv Uzbekistan

Komplektatsiyaga qarab Hill Start Assist tizimi ham taqdim etilgan. U tepalikka chiqishda avtomobil orqaga sirpanib ketmasligi uchun harakatni boshlash oralig‘ida tormozlarni bir necha soniya ushlab turadi.

Xalqaro xavfsizlik test natijalari

Chevrolet Onix xalqaro mustaqil xavfsizlik sinovlarida sezilarli ijobiy natijalar qayd etgan. Lotin Amerikasi bozori uchun ishlab chiqarilganligi sabab, modelning xavfsizlik darajasi asosan Latin NCAP doirasida baholangan.

Modelning birinchi avlodi 2017-yilda sinovdan o‘tkazilganida qoniqarsiz natija ko‘rsatgan edi. Ikki dona frontal xavfsizlik yostiqchasi bilan jihozlangan o‘sha versiya kattalar xavfsizligi bo‘yicha 0 yulduz, bolalar xavfsizligi bo‘yicha esa 3 yulduz bahosiga ega bo‘ldi. Yon tomondan zarba sinovida kuzatilgan zaif konstruktsiya sabab haydovchining ko‘krak qafasiga yuqori bosim tushishi qayd etilgan. Avtomobilning yon zarbani yutuvchi maxsus elementlari bo‘lmagani uning xalqaro UN R95 standartiga ham mos kelmasligini ko‘rsatgan. Shuningdek, orqa o‘rindiq markazida faqat son kamar bo‘lgani va ISOFIX mahkamlagichlarining yo‘qligi bolalar xavfsizligini cheklagani Latin NCAP hisobotida alohida qayd etilgan. Ushbu past natijalar Chevrolet ishlab chiqaruvchisi uchun jiddiy signal sifatida baholangan.

Foto: Kursiv Uzbekistan

2019-yilda yangi avlod Chevrolet Onix taqdim etilgach, vaziyat tubdan o‘zgargan. Latin NCAP tomonidan qayta o‘tkazilgan sinovlarda Onix Plus sedani kattalar xavfsizligi bo‘yicha 5 yulduz va bolalar xavfsizligi bo‘yicha ham 5 yulduzga munosib topilgan. Sinovlar Braziliyada ishlab chiqarilgan, standart tarzda 6 dona xavfsizlik yostiqchasi va elektron barqarorlik nazorati tizimi bilan jihozlangan versiyada amalga oshirilgan.

Frontal, yon va ustun zarbasi sinovlari davomida haydovchi hamda yo‘lovchilar uchun bosh va ko‘krak qafasi sohalarida himoya darajasi asosan «yaxshi», ayrim ko‘rsatkichlarda esa «qoniqarli» deb baholangan. Avtomobil kuzovi frontal zarba paytida barqaror «stable» konstruktsiya sifatida e’tirof etilib, oyoq-qo‘l qismlari uchun zarur deformatsiya zonalari yetarli darajada ishlagani qayd etilgan.

Latin NCAP hisobotida barcha o‘rindiqlar uchun xavfsizlik kamarini eslatish tizimi hamda ISOFIX mahkamlagichlarining standart tarzda mavjudligi alohida ta’kidlangan. Mazkur jihozlar mintaqada hali kam uchrashi sabab Onix misolida xavfsizlik bo‘yicha ijobiy namuna sifatida ko‘rsatilgan.

Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Damas avtomobilining xavfsizlik ko‘rsatkichlari haqida yozgan edi.

Shuningdek