
O‘zbek oshxonasining doimiy taomlaridan bo‘lgan do‘lma nafaqat mazasi bilan, balki foydali xususiyatlari bilan ham ajralib turadi. Tok barglari ovqat hazmini yengillashtiradi, organizmda moddalar almashinuvini yaxshilaydi va yengil hazm bo‘ladigan to‘yimli taom sifatida qadrlanadi.
Kursiv Uzbekistan oshxonangizda mehmon bo‘lib, do‘lma tayyorlashda ko‘maklashadi.
| Mahsulot | Miqdor |
|---|---|
| Tok barglari | 60–80 dona |
| Mol go‘shti qiymasi | 500 g |
| Piyoz | 200 g |
| Guruch | 8 osh qoshiq |
| Pomidor (qirg‘ichdan chiqarilgan) | 100 g |
| Yalpiz | 3–4 ta yaproq |
| Zira | 0,5 choy qoshiq |
| Tuz va murch | Ta’bga ko‘ra |
| Suv yoki bulyon | 500 ml |
Qayla uchun
| Mahsulot | Miqdor |
|---|---|
| Smetana | 200 ml |
| Sarimsoqpiyoz | 4 tish |
| Yalpiz | 3–4 ta yaproq |
| Tuz | Ta’bga ko‘ra |
Tayyorlash jarayoni
1. Tok barglarini tayyorlash: Tok barglari yaxshilab yuviladi. Ustidan qaynoq suv quyilib, 5 daqiqa ivitib qo‘yiladi. Eng yaxshi natija uchun yosh va mayin barglardan foydalanish tavsiya etiladi. Istasangiz, barglarni ko‘proq olib muzlatgichda saqlab, ko‘proq muddat ishlatishingiz mumkin.
2. Sabzavotlarni maydalash: Piyoz po‘chog‘idan tozalanadi va qirg‘ichdan chiqariladi. Pomidor po‘stidan archilib, qirg‘ichdan o‘tkaziladi yoki blenderda maydalab olinadi.
3. Qiyma aralashmasini tayyorlash: Katta idishga qiyma, yuvilgan guruch, mayda to‘g‘ralgan yalpiz, piyoz va pomidor solinadi. Tuz, murch hamda zira qo‘shilib, bir xil massa hosil bo‘lguncha aralashtiriladi.
4. Do‘lmani tugish: Tok bargining silliq tomoni stolga qaratib qo‘yiladi. Markaziga yarim osh qoshiq qiyma solinadi. Yuqori qismi qiyma ustiga yopiladi, ikki yon tomoni buklanadi va dumaloqlab tugiladi.
5. Qozonga joylash: Qozon tagiga yirtilgan yoki ishlatishga yaroqsiz barglardan bir qatlam to‘shaladi. Ustiga tugilgan do‘lmalar tartibli qilib terib chiqiladi.
6. Pishirish: Do‘lmalar ustidan suv yoki bulyon quyiladi. Ustiga likopcha qo‘yilib, og‘irroq buyum bilan bosiladi — bu barglarning ochilib ketmasligi uchun zarur. Qaynash darajasiga yetgach, olov pasaytiriladi va 30 daqiqa davomida pishiriladi.
7. Dam berish: Pishgan do‘lma olovdan olinadi va 10 daqiqa tindiriladi. Bu vaqtda barglar suvi shimilib, taom yanada shirador bo‘ladi.
8. Qayla tayyorlash: Yalpiz va sarimsoqpiyoz mayda to‘g‘raladi, smetana bilan aralashtiriladi. Ta’bga ko‘ra tuz qo‘shiladi. Do‘lmalar qayla bilan birga dasturxonga tortiladi.
Yoqimli ishtaha!