
AQShning Vashington shahrida futbol bo‘yicha 2026-yilgi Jahon chempionati final bosqichiga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi. O‘zgekistonga «K» guruhida Portugaliya va Kolumbiya raqiblik qiladi.
O‘zbekiston Jahon chempionatida Ronaldu, Vitiniya, Joao Nevesh kabi yulduzlarga ega Portugaliya hamda Luis Dias, Hames Rodrigezdek nomdor futbolchilarga ega Kolumbiya terma jamoasi bilan to‘qnash keladi. Shuningdek, guruhdagi uchinchi raqib o‘tish o‘yinlari orqali ma’lum bo‘ladi.

O‘zbekiston termasi dastlabki uchrashuvni 17-iyun kuni Janubiy Amerika vakili Kolumbiya terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Portugaliyaga qarshi markaziy o‘yin esa 23-iyun sanasiga belgilangan. Guruh bosqichining so‘nggi bahsi esa 27-iyun kuni pley-off g‘olibiga qarshi bo‘lib o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu Jahon chempionatida ishtirokchi jamoalar soni ilk marotaba 32 tadan 48 taga oshirildi. Bu o‘zgarish hali turnirda ishtirok etmagan boshqa jamoalarga ham «mundial» ishtirokchisiga aylanish imkonini berdi. Barcha ishtirokchilar nomi hali to‘liq aniqlanib ulgurmagan. Qit’alararo o‘tish o‘yinlari orqali yana 6 ta jamoa mundial yo‘llanmasi uchun kurash olib boradi va ular guruhlardagi so‘nggi bo‘sh o‘rinlarni to‘ldiradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan superkompyuter O‘zbekistonning «JCh – 2026» dagi g‘alaba qozonish imkoniyatini baholagani haqida xabar bergan edi.