Aholini ro‘yxatga olish davlat iqtisodiyotiga nima beradi

2026-yil 15-yanvardan 28-fevralgacha O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkaziladi. Bunda 15 – 31-yanvar kunlari internet orqali, 4–28-fevral kunlari esa yalpi kuzatuv, ya’ni uyma-uy yurish orqali ro‘yxatga olinadi. Umumiy aholini ro‘yxatga olish tadbiri bundan avval 1989-yilda o‘tkazilgan. 37-yildan keyin tashkil qilinadigan mazkur tadbirga bu gal qishloq xo‘jaligi ham qo‘shilgan.
Umuman ro‘yxatga olish aholining demografik hamda ijtimoiy-iqtisodiy holati, yashash darajasi va farovonligi haqida aniq ma’lumot olish uchun o‘tkaziladi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligining holati va tarkibini baholash hamda aholini asosiy qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash imkoniyatlarini aniqlashga xizmat qiladi. Olingan ma’lumotlar kelgusida samarali rejalashtirish va qarorlar qabul qilish uchun zarur ma’lumotlar bazasini shakllantirishga yordam beradi.
Uning davlat uchun ahamiyati:
- Rivojlanishni rejalashtirish. Ro‘yxatga olish natijalari davlat va hududiy rivojlanishni rejalashtirish uchun aniq ma’lumotlarni taqdim etadi. Shu ma’lumotlar asosida qayerda maktablar, shifoxonalar, yo‘llar, turar joylar, infratuzilma, suv va elektr ta’minoti tizimlarini qurish zarurligi hal qilinadi.
- Samarali ijtimoiy siyosat yuritish. Ro‘yxat olish ma’lumotlari orqali mehnatga layoqatli aholi, bolalar, yoshlar va keksalar soni aniqlanadi. Bu ma’lumotlar pensiya tizimi, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya sohalarini samarali tashkil etishga xizmat qiladi.
- Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish. Qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish orqali qancha yer maydoni foydalanilayotgani, qanday ekinlar yetishtirilayotgani, fermer va dehqon xo‘jaliklari soni aniqlanadi. Bu ma’lumotlar hosildorlikni oshirish, fermerlarni qo‘llab-quvvatlash, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish uchun xizmat qiladi.
- Iqtisodiy boshqaruv va bandlikni ta’minlash. Ro‘yxat olish natijalari mehnat bozorini baholash, hududlar salohiyatini aniqlash va yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi.
- Xalqaro nufuz va hamkorlik. Ro‘yxat olish BMT va FAO (BMTning Oziq-ovqat va Qishloq Xo‘jaligi Tashkiloti) xalqaro standartlariga muvofiq o‘tkaziladi. Bu mamlakatga jahon statistika tizimida ishtirok etish, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) bajarish, xalqaro hamkorlar va investorlar ishonchini mustahkamlash imkonini beradi.
Har bir fuqaro uchun ahamiyati:
- Yashash sharoitlarini yaxshilash. Ro‘yxatga olish natijalari orqali davlat qayerda bolalar bog‘chalari, maktablar, kasalxonalar, transport, suv va gaz ta’minoti yetishmayotganini aniqlab, shu yerlarga sarmoya yo‘naltiradi.
- Aholini qo‘llab-quvvatlash dasturlari. Ro‘yxatga olish ma’lumotlari asosida aholi bandligi, ijtimoiy yordam, yoshlar va oilalarni rivojlantirish, fermer va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash dasturlari ishlab chiqiladi.
- Resurslarni adolatli taqsimlash. Aholi soni va tarkibi to‘g‘ri aniqlanganda, davlat byudjeti mablag‘lari hududlar va mahallalar o‘rtasida adolatli taqsimlanadi.
- Qishloq hududlarini rivojlantirish. Ro‘yxatga olish orqali qishloq aholisining ehtiyojlari aniqlanadi va yordam aynan kerakli hududlarga yo‘naltiriladi — fermerlik, infratuzilma va daromadlarni oshirish uchun.
Ro‘yxatga olishda kimlar hisobga olinmaydi
Aholi soni va uning tarkibini hisoblashda:
- bir yildan ortiq muddatda mamlakat hududida bo‘lmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari;
- Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiya qilingan chet davlatlar doimiy vakolatxonalarining, xalqaro, hukumatlararo tashkilotlar va chet davlatlar hukumat tashkilotlari vakolatxonalarining xodimlari bo‘lgan chet el fuqarolari hamda ularning oila a’zolari;
- O‘zbekistonning xalqaro shartnomalariga muvofiq diplomatik imtiyozlarga va immunitetga ega bo‘lgan boshqa shaxslar hisobga olinmaydi.
Respondentlar o‘zining (doimiy yoki vaqtincha) yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinadi. Bunda kunlik tungi dam olishining ko‘proq qismini o‘tkazadigan uy (hovli), kvartira, yashash uchun foydalanilayotgan boshqa turar joy yoki noturar joy bino yashash joyi hisoblanadi. Bu joy respondent ro‘yxatdan o‘tgan (ro‘yxatga qo‘yilgan) manzil bilan mos kelishi yoki mos kelmasligi ham mumkin.
Shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligi
Shaxsga doir ma’lumotlarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida har bir respondent to‘g‘risidagi ma’lumotlar ularning jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR/PINFL)ni 2026-yilda census.stat.uz veb-saytida kiritish orqali ro‘yxatdan o‘tish asosida yig‘ilishi ta’minlangan. Shuningdek xavfsizligini ta’minlash uchun elektron qurilmalarga kiritilgan ma’lumotlar 24 soatdan ortiq saqlanmasligi belgilangan.
Internet orqali to‘ldirilgan ma’lumotlar ro‘yxatga olishning maxsus axborot tizimiga kiritilgan savolnomalar uchun mantiqiy nazorat asosida tekshirib boriladi va respondentning mantiqqa zid yoki xato ma’lumotlar kiritishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuningdek axborot tizimidagi mavjud ma’muriy ma’lumotlar integratsiyasi orqali ham ma’lumotlar ishonchliligi ta’minlanadi.
Ro‘yxatga oluvchi sifatida firibgarlar kirib kelishining oldini olish uchun esa maxsus xavfsizlik choralari ko‘rilgan. Har bir ro‘yxatga oluvchi (mahalla yettiligi xodimlari) maxsus guvohnoma va planshet bilan ishlaydi. Ro‘yxatga oluvchilar tuman (shahar) statistika bo‘limi yoki mahalla fuqarolar yig‘inlari orqali tayinlanadi.
Ma’lumotlar davlat dasturlarida qanday foydalaniladi
Ro‘yxatga olishning yakuniy ma’lumotlari 2027-yilning 1-iyuliga qadar e’lon qilinadi. Ochiq manbalarda joylashtirilmagan yakuniy ma’lumotlarni foydalanuvchilar so‘rovlari asosida shakllantirish va taqdim etish shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Agar so‘ralgan ma’lumotlar muayyan respondentning shaxsiy ma’lumotlarining maxfiyligini ta’minlashga xavf tug‘dirsa, ya’ni maxfiylikka ta’sir qilsa, bu ma’lumotlarni taqdim etish rad etiladi. Ro‘yxatga olishning yakuniy ma’lumotlari Milliy statistika qo‘mitasi bilan tuzilgan kelishuvlar hamda rasmiy statistika ma’lumotlari almashinuvi asosida xalqaro tashkilotlarga va xorijiy davlatlar statistika organlariga taqdim etiladi.
Ro‘yxatga olishning yakuniy ma’lumotlari asosida:
- aholining sog‘lig‘ini mustahkamlash, xotin-qizlar va bolalar yashash shart-sharoitlarini yaxshilash, oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha choralarni ishlab chiqish maqsadida aholi tarkibidagi, mamlakatning demografik vaziyatdagi o‘zgarishlarni baholashga doir ma’lumotlar bazasini kengaytirish;
- shaharlarni va boshqa aholi punktlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning, mehnat resurslarini joylashtirish hamda ulardan foydalanishning uzoq, o‘rta va qisqa muddatli prognozlari hamda dasturlarini tayyorlash;
- aholini ro‘yxatga olishlar oralig‘idagi davrda aholi soni va tarkibining joriy hisobini, hisob-kitoblarini hamda prognozlarini amalga oshirish;
- ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazish imkoniyati yaratiladi.
Asosiy savollar
Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayonidagi so‘rovnoma 71 savoldan iborat bo‘lib, 54 tasi aholiga, 17 tasi qishloq xo‘jaligiga oid.
Qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayoni 15-yanvardan 28-fevralgacha, jami 45 kun davom etadi va elektron savolnoma orqali eStat-4 avtomatlashtirilgan axborot tizimi yordamida amalga oshiriladi. Jarayon ikki bosqichdan iborat: 1-bosqichda (15–31-yanvar) internet orqali ro‘yxatdan o‘tiladi, 2-bosqichda (4–28-fevral) esa planshetlar yordamida, «mahalla yettiligi» xodimlari ishtirokida uyma-uy so‘rovnoma o‘tkaziladi.