Nima uchun biznes shaharga faqat homiylik mablag‘lari emas, balki o‘z tajribasini sarmoya qilishi foydaliroq

2025-yilda TBC Uzbekistan Toshkent metropoliteni bilan hamkorlikda Chilonzor yo‘nalishidagi barcha 12 ta bekatning navigatsiya tizimini to‘liq yangiladi. Ekotizimning marketing bo‘yicha direktori Nodira Sultonxo‘jayeva o‘z maqolasida mazkur loyihani amalga oshirishda IT-vositalarni real hayotga qanday ko‘chirishga muvaffaq bo‘lingani hamda kompaniyalar uchun shunchaki homiylik byudjetini ajratishdan ko‘ra, shaharga o‘z tajribasini investitsiya qilish nima uchun foydaliroq ekani haqida so‘zlab beradi.
Mintaqamizda an’anaviy korporativ ijtimoiy mas’uliyat ko‘pincha bir martalik xayriya yoki tadbirlarga homiylik qilish bilan cheklanib qoladi. Bu yaxshi yondashuv, biroq bugungi kunda bu yetarli emas. Zamonaviy biznes shaharga shunchaki mablag‘ emas, balki o‘zining asosiy korporativ «super kuchini» berishi kerak.
Biz standart tashqi reklamani sotib olish o‘rniga, o‘zimizning eng kuchli jihatimiz – murakkab tizimlarni oddiy hamda tushunarli holatga keltirish mahoratimizni ishga soldik va uni shahar aholisining real infratuzilma muammosini hal qilishga yo‘naltirdik.
Haqiqiy hayotda CJM: IT yondashuvni oflayn muhitga qanday ko‘chirish mumkin
Raqamli bank mahsulotlarini ishlab chiqishda biz doim mijoz yo‘li xaritasini (CJM) chizamiz. Metrodagi navigatsiyani yangilash loyihasida ham aynan shu usulni qo‘lladik, faqat real hayotda.
Transport dizayneri Ilya Birman va brend-dizaynerlarimiz bilan birgalikda yo‘lovchi bosib o‘tadigan yo‘lni qadam-baqadam yurib chiqdik. Yo‘lovchilarning bekatga kirishidan tortib, tashqariga chiqqanda yo‘lning kerakli tomonini tanlashigacha bo‘lgan barcha harakatlarini tahlil qildik. IT sohasida biz amallar va ekranlarni o‘rgansak, bu yerda shift balandligi, yorug‘lik manbalari va ustunlarning joylashuvini tadqiq qildik. Hatto tig‘iz vaqtlarda odamlar ko‘pligi sababli qaysi ko‘rsatkichlar ko‘rinmay qolishi mumkinligini ham hisoblab chiqdik. Biz uchun shunchaki chiroyli taxtachalar chizish emas, balki kelajakda boshqa joylarga ham tatbiq etish mumkin bo‘lgan yagona tamoyil va standartlar tizimini yaratish muhim edi.
Masalan, «Paxtakor – Alisher Navoiy» metro bekatlari orasidagi o‘tish yo‘lining murakkabligi sabab yo‘lovchilar shaharning kerakli tomoniga chiqishda doim chalkashib qolishardi. Biz Toshkent metrosi tarixida ilk bor chiqish yo‘llarini 1 dan 7 gacha yaxlit raqamlash tizimini joriy qildik. Raqamlar shahar markazidan boshlab, soat mili bo‘ylab tartib bilan joylashtirildi. Zamonaviy belgilarni bekatlarning tarixiy me’morchiligiga uyg‘unlashtirish uchun esa o‘ziga xos piktogrammalar ishlab chiqdik. Ularda milliy sakkiz qirrali yulduz va paxta chanoqlari shakliga ishora qiluvchi elementlar aks etgan, to‘rtinchi yo‘nalish esa oltin rang bilan belgilangan.
Mukammallik va xavfsizlik o‘rtasidagi murosa
Shahar infratuzilmasi bilan ishlash – bu doim dizayn va davlat sektorining qat’iy talablari o‘rtasidagi muvozanatni izlash demak. Reallikdan uzilgan dizayn amaliyotda kutilgan natijani bermaydi.
Shu sababli, har bir bekat ustidagi ish ko‘rsatkichlar eskizini chizishdan emas, balki atrofdagi hudud xaritasining qoralama nusxasini tayyorlashdan boshlandi. Bu xarita barcha ma’lumotlar uchun yagona «ishonchli manba» bo‘lib xizmat qildi: unda obyektlarning nomlari, ularning ustuvorligi, uch tildagi tarjimasi va chiqish yo‘llarining raqamlanishi aks etdi. Metropoliten qoralamani o‘rganib chiqib, o‘z mulohazalarini yuborganidan keyingina, dizaynerlar yakuniy maketlarni yig‘ishga kirishdilar. Bunda barcha xavfsizlik talablari va me’moriy cheklovlar to‘liq hisobga olindi. Shu tariqa, 12 ta bekatning har biri uchun alohida bosqichma-bosqich takomillashtirish jarayonidan o‘tildi.
Sifatli mahsulot aynan shunday cheklovlar ichida yaratiladi: bunda siz qat’iy reglamentlarni buzmagan holda, odamlarning xatti-harakatini o‘rganasiz va ularning yo‘lidagi chalkashliklarni bartaraf etasiz.
Korporativ fuqarolik va kelajak uchun sarmoya
Ijtimoiy infratuzilma loyihalari biznes-tashabbuslardan farqli o‘laroq, darhol natija bermaydi. Ularning samaradorligini konversiya yoki mijoz jalb qilish narxi kabi odatiy ko‘rsatkichlar bilan o‘lchash juda qiyin.
Agar biznes faqat tezkor foyda olish uchun qurilsa, bunday keng ko‘lamli tashabbuslar o‘z ma’nosini yo‘qotadi. Bizning falsafamiz esa boshqacha: biz uzoq muddatli faoliyatni rejalashtirganmiz va o‘nlab yillar yashaydigan kompaniya qurmoqdamiz. Bunday yondashuvda brendlar o‘z mamlakatining korporativ fuqarosiga aylanadi. Mas’uliyatli fuqarolar esa jamiyatga uzoq vaqt xizmat qiladigan foyda keltirishga intiladilar.
Biznes jamiyatga qanday foyda keltirishi mumkin? Buning uchun, avvalo, qo‘lingizdan keladigan eng yaxshi ishga e’tibor qarating. Masalan, logistikangiz kuchli bo‘lsa, shahardagi transport oqimini tartibga solishga yordam bering. Agar IT-salohiyatingiz yuqori bo‘lsa, ijtimoiy sohalar uchun ochiq kodli dasturiy yechimlar yarating. TBC Uzbekistan uchun dizayn va mijoz tajribasini boshqarish mana shunday «super kuch»ga aylandi.
Metropoliten bilan amalga oshirgan loyihamizning asosiy samaradorlik ko‘rsatkichi (KPI) – bu qamrov yoki tashqi reklama maydonlari emas. Bu ko‘rsatkich ishdan charchab qaytayotgan yo‘lovchining ortiqcha o‘ylamasdan kerakli o‘tish yo‘lini topishi, ko‘chaning to‘g‘ri tomoniga chiqishi va uyiga vaqtida yetib borishidir. Ko‘rsatkichlardagi logotipga uncha-muncha odam e’tibor bermaydi, biroq yo‘l topish osonlashganini hamma payqaydi. Biz uchun mana shu qulaylik har qanday reklama qamrovidan muhimroq.