Maosh oshirish haqidagi iltimos qanday qilib ishdan bo‘shash haqidagi arizaga aylanadi

Rahbar uchun ish haqini oshirish haqidagi so‘rov ko‘pincha kundalik yumushlar ro‘yxatidagi navbatdagi vazifadek ko‘rinadi. Biroq ba’zan bunday suhbat haqiqiy ahvolni yuzaga chiqaradigan pallaga aylanadi. Shunday holatlar bo‘ladiki, «Menga ko‘proq pul kerak» degan gapdan so‘ng yagona to‘g‘ri yo‘l – o‘sha xodim o‘rniga boshqa odam qidirish bo‘lib qoladi. Keling, maosh so‘rashi xayrlashuv belgisi hisoblangan xodimlarning asosiy turlarini ko‘rib chiqamiz.
Hissiyot asiralari
Tasavvur qiling: qo‘l ostingizda bir xodim bor, hamma narsa joyida, ishlar bajarilmoqda, shikoyatlar yo‘q. Siz vaziyat to‘liq nazorat ostida ekaniga amin bo‘lib turganingizda, kutilmaganda manzara o‘zgaradi. Xodim asosli dalillar keltirish o‘rniga asabiylashib, yig‘i-sig‘i va yillar davomida yig‘ilib qolgan gina-kuduratlar bilan huzuringizga chiqadi.
Bu siz uchun kutilmagan zarba bo‘ladi. Siz muammolarni sezmagansiz, chunki xodim vazminlik bilan: «Menda ma’lumotlar bor, keling, maoshimni muhokama qilaylik», deyish o‘rniga uzoq vaqt sukut saqlab kelgan. Natijada muloqot o‘rniga hissiyotlar to‘poloniga duch kelasiz. Shu lahzada xodim barqarorlikni buzuvchi manbaga aylanadi.
Rahbarning bunday nosog‘lom hissiyotlarga nisbatan odatiy munosabati – tushkunlik manbasidan qutulish istagi. Ko‘pincha bu, haqiqatan ham, to‘g‘ri qadam sanaladi, zero biznesga ichida adovat saqlaydigan emas, balki ochiq gaplasha oladigan, fe’l-atvori oldindan ma’lum bo‘lgan insonlar kerak.
Shantajchilar
Yana bir keng tarqalgan, ammo xavfli holat — ultimatum (qat’iy talab) qo‘yishdir. Xodim mehnat bozoridagi takliflarni yig‘ib keladi va sizga kuchliroq tomon sifatida shart qo‘yadi: «Menga boshqa joyda 40 foiz ko‘proq maosh taklif qilishdi. Yo siz ham shuncha berasiz, yo men ketaman».
Xodimning keltirgan vajlari o‘rinli bo‘lgan taqdirda ham, bunday shakldagi talab kelajakdagi hamkorlikka nuqta qo‘yadi. Aksariyat rahbarlarning o‘z tamoyillari bor va ular o‘zlariga nisbatan bosim o‘tkazilishini yoqtirmaydilar. Shantaj odatda xiyonat sifatida qabul qilinadi.
Ba’zida, boshqa chora qolmaganda, bunday shartlarga rozi bo‘lishga majbur bo‘lasiz. Biroq xayolingizda allaqachon bir fikr pishib yetiladi: «Hozircha senga shu pulni beraman, lekin bir-ikki oy ichida o‘rningga odam topib, seni bo‘shataman». Chunki hech kim og‘ir damda biznesni xavf ostiga qo‘yadigan odam bilan ishlashni istamaydi.
Isyon tashkilotchilari
Xodimlarning eng xavfli turi – maoshdan noroziligini rahbar bilan emas, balki hamkasblari bilan muhokama qiladiganlardir. Ular o‘ziga xos kasaba uyushmasi yoki ish tashlash harakatini vujudga keltirishga urinadilar.
Bu halokatli yo‘ldir. Birinchidan, hamkasblar maoshni oshirib bera olmaydi. Ikkinchidan, bunday gap-so‘zlar jamoaning ishchanlik kayfiyatini tushiradi va natijalarga salbiy ta’sir qiladi. Eng asosiysi, bunday xodim rahbarni qiyin ahvolga solib qo‘yadi, chunki endi faqat bir kishining emas, hamma xodimlarning maoshini oshirish talabi ko‘ndalang bo‘ladi.
Jamoaviy bosim o‘tkazish yo‘lini tanlagan xodim to‘g‘ridan to‘g‘ri xavfga aylanadi. U siz yillar davomida qurgan boshqaruv tizimi va jamoaviy muhitni izdan chiqaradi. U qanchalik qadrli yoki sermahsul xodim bo‘lmasin, bunday odam biznesingiz poydevoriga qo‘yilgan xavf manbaidir.
«Shaxsiy ehtiyojlar» va hayotga real qaramaydiganlar
Ayrim xodimlar biznes bilan oilani yoki davlatni adashtirib yuboradilar. Ular maosh oshirishni ish natijalari uchun emas, balki shaxsiy sharoitlari: ipoteka, kreditlar yoki farzand tug‘ilishi kabi sabablar tufayli so‘raydilar.
Shuni yodda tutish kerakki, har qanday ishning bozordagi o‘z bahosi bor. Biznes faqat xodimning ehtiyojlari oshgani sababli bozor narxidan baland haq to‘lay olmaydi, aks holda kompaniya zarar ko‘rib, yopilib ketadi.
Xodim rahmdillik hissini uyg‘otishga harakat qilsa (qarindoshlarining xastaligi, og‘ir ahvol), vaziyat yanada murakkablashadi. Bu endi manipulyatsiya. Sizda belgilangan mehnatga haq to‘lash jamg‘armasi mavjud. Bir kishiga yordam berish uchun boshqa birovning haqini, masalan, eng yaxshi sotuvchining mukofot pulini olib qo‘yishga to‘g‘ri keladi.
Agar vaziyatni o‘zingizga yoki direktorlar kengashiga shunday tushuntirsangiz, barchasi oydinlashadi: siz yaxshi ishlayotganlardan olib, bechorahollarga bermoqchisiz. Bunday hollarda kompaniya nomidan qarz taklif qilish mumkin, ammo maoshni rahm-shafqat yuzasidan oshirish – biznes mantiqini buzish demak.
«Faxriylar» va solishtirishni xush ko‘ruvchilar
«Men bu yerda besh yildan beri ishlayapman» — ommabop, ammo zaif dalil. Sodiqlik muhim, xodimni almashtirish qimmatga tushadi va yaxshi rahbar ish stajini inobatga oladi. Biroq maoshning sezilarli darajada oshishi faqat natijalarning o‘sishi bilan bog‘liq bo‘lishi kerak. Agar xodim faqat necha yil ishlaganini ro‘kach qilsa-yu, ish samaradorligi qanday oshganini ko‘rsata olmasa, bu yomon belgi. Demak, u o‘z hissasiga mas’uliyat bilan yondashmayapti.
Bu dalil nima uchun ish bermasligini tushunish uchun Ilon Mask va uning yordamchisi Meri Bet Braun bilan bog‘liq voqeani eslaylik. Meri uning yonida 12 yil ishlagan, tom ma’noda ish bilan yashagan va o‘zini almashtirib bo‘lmas mutaxassis deb hisoblagan. Meri o‘z staji va sodiqligiga tayanib, SpaceX yuqori bo‘g‘in rahbarlari darajasida maosh so‘raganida, Mask unga shunday sinov taklif qilgan: «Ikki haftaga ta’tilga chiq. Agar sensiz ishlarim yurishmay qolganini sezsam, so‘ragan pulingni beraman».
U ta’tildan qaytganida, Mask barcha ishlarni o‘zi ham eplay olishi ma’lum bo‘ldi. Natijada Meri maosh oshishi o‘rniga ishdan bo‘shatildi. Shafqatsiz deysizmi? Ehtimol. Lekin bu muhim biznes sabog‘idir: agar sizning asosiy qiymatingiz shunchaki uzoq vaqt yonma-yon yurish bo‘lsa-yu, ish jarayonlari sizsiz ham davom etaversa, demak, narxingiz oshmagan. Aksincha, siz ortiqcha yukka aylanib boryapsiz.
«Anavi Petrovga ko‘proq to‘layapsiz-ku» kabi solishtirishlar ham mutlaqo ma’nosizdir. Bu noprofessionallikdan dalolat beradi. Xodim hamkasbining kelishuv shartlari, ish hajmi va samaradorlik ko‘rsatkichlarini (KPI) bilmaydi. U natijaga emas, faqat lavozimga qaraydi. Bunday vajlar maosh oshishiga yordam bermaydi, aksincha, xodimning o‘ziga bo‘lgan ishonchingizni so‘ndiradi.
Kelajakni «sotuvchilar»
Shunday xayolparastlar ham borki, ular pulni oldindan so‘rashadi: «Maoshimni oshiring, keyin men millionlik loyihani amalga oshiraman».
Men uchun bu — muvaffaqiyatsiz sarmoyadek gap. Biznesning o‘zi shundoq ham tavakkalchilikdan iborat. Nima uchun ertaga bo‘lishi noaniq bo‘lgan natija uchun bugun pul to‘lash kerak? Mantiq oddiy: avval natija, keyin pul.
Bunday so‘rovga eng to‘g‘ri javob – suhbatni hamkorlik darajasiga ko‘chirish. Agar xodimda millionlik g‘oya bo‘lsa, unga foydadan ulush yoki loyiha yakunlangach mukofot puli taklif qiling. Agar u tavakkalchilikka tayyor bo‘lmasa-yu, quruq va’da evaziga kafolatlangan maosh istasa, demak, yo‘lingiz boshqa-boshqa.
Qachon maoshni oshirish kerak
Noo‘rin holatlarni ko‘rib chiqqanimizdan so‘ng, go‘yo har qanday pul so‘rash xavfli signaldek tuyulishi mumkin. Biroq xodim o‘z yutuqlarini mohirlik bilan «sota olsa» va uning sa’y-harakatlari kompaniyaga aniq foyda keltirayotganini tushuntirib bersa, buni e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi. Masalan, u o‘tgan yilgi ish samaradorligini raqamlarda ko‘rsatsa yoki kelajakdagi foydani bo‘lishish sharti bilan tayyor loyiha rejasini taqdim etsa.
Agar xodim biznesning daromadi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga va o‘z daromadini kompaniya muvaffaqiyati bilan bog‘lashga tayyor bo‘lsa, unga tikilgan sarmoya bir necha barobar bo‘lib qaytadi, hatto kelajakda u haqiqiy sherikka aylanishi mumkin. Rahbar sifatida xodimlar aynan shunday tashabbuslar bilan tez-tez kelib turishidan faqat xursand bo‘lardim.
Xulosa
Xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi munosabat, bu — bozor. Agar inson ko‘proq haq olishni istasa, u o‘z qiymatini ko‘rsata bilishi lozim: natijalar, raqamlar, tejalgan resurslar. Bu sog‘lom muloqotdir.
Ammo aniq natijalar o‘rniga hissiy shantaj, isyon, rahm-shafqat so‘rash yoki quruq va’dalarga duch kelsangiz, bilingki, qarshingizda hamkor emas, balki ortiqcha yuk turibdi. Ko‘pincha bunday xodimning maoshi bilan bog‘liq masalani hal qilishning eng samarali yo‘li — uning ishdan bo‘shash haqidagi arizasiga qo‘l qo‘yib berishdir.