
Volkswagen’ning Xitoy bozoriga mo‘ljallangan yangi Volkswagen ID.Unyx 08 elektromobili haqida batafsil ma’lumotlar e’lon qilindi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Model 82,36 kVt/soat va 95,04 kVt/soat sig‘imli ikki xil batareya bilan taqdim etiladi. Ular mos ravishda 630 km, 700 km va 730 km masofani bosib o‘tish imkonini beradi. Avtomobil 800 voltlik tez zaryadlash texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Zaryadlash vaqtini sezilarli qisqartirish maqsad qilingan.

ID.Unyx 08 tashqi ko‘rinishda Volkswagen’ning yangilangan dizayn tilini olgan. Old qismda tor LED kunduzgi chiroqlar, yopiq panjara va pastki qismda trapesiya shaklidagi havo kirish kanali bor. Yon tomonda yashirin tutqichlar, ikki chiziqli bel qismi va ikki xil g‘ildirak dizayni taqdim etiladi. Orqa faralar esa tor va cho‘zilgan ko‘rinishda.
Krossoverning o‘lchamlari quyidagicha: uzunligi 5000 mm, eni 1954 mm, balandligi 1672 yoki 1688 mm (komplektatsiyaga qarab), g‘ildirak bazasi 3030 mm. Avtomobil 230 kVt (308 ot kuchi) quvvatga ega elektromotor bilan jihozlanadi.

U L2++ darajadagi haydovchiga yordamchi tizimga ega bo‘lib, mashinalarni avtoturargohdan avtoturargohgacha boshqarish imkonini beradi. Elektromobil ichida yirik til modeli asosida ishlaydigan SI yordamchisi bo‘ladi. Shuningdek, avtomobil dasturiy ta’minotini to‘liq OTA yangilash qo‘llab-quvvatlanadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xitoyning eng kuchli 5 ta elektromobil brendi haqida yozgan edi.