Shomurodov va Fayzullayevning gollari «Bashakshehir»ga g‘alaba keltirdi

23-dekabr 2025 10:31 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir
Foto: ibfk.com

Turkiya Superligasining 17-turi doirasida «Bashakshehir» o‘z maydonida «Gaziantep» ustidan 5:1 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvda to‘liq harakat qilgan o‘zbekistonlik futbolchilar Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullayev raqib darvozasini ishg‘ol qilib, jamoa muvaffaqiyatiga katta hissa qo‘shishdi.

Foto: Sofa Score

O‘yin davomida Abbosbek Fayzullayev yuqori faollik ko‘rsatdi va «Sofascore» portali tomonidan uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi (9,3 ball) deb topildi. U 90 daqiqa ichida 51 marta to‘pga tegindi, 24 ta uzatmadan 20 tasini aniq amalga oshirdi va 15 ta yakkakurashdan 9 tasida g‘olib chiqi. Fayzullayev yo‘llagan 4 ta zarbaning 2 tasi darvozaga aniq bordi va ulardan biri golga aylandi.

Eldor Shomurodov ham samarali o‘yin namoyish etib, bitta gol va bitta golli uzatmani o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. Uning harakatlari 7,9 ballga loyiq ko‘rilgan. Hujumchi goli evaziga Pol Onuachuni bir golga ortda qoldirib, Turkiya chempionatining to‘purariga aylanib oldi. Shomurodovning hisobida 12 ta gol mavjud.

Foto: ibfk.com

«Bashakshehir» safida gollarga Shomurodov va Fayzullayevdan tashqari Umut Gunesh hamda Ivan Brnich mualliflik qildi, yana bir gol esa avtogol sifatida qayd etildi. «Gaziantep»ning yagona javob goli Drissa Kamara tomonidan kiritilgan. Ushbu g‘alabadan so‘ng «Bashakshehir» ochkolari sonini 23 taga yetkazib, turnir jadvalida 7-o‘ringa ko‘tarildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Abbos Fayzullayev yana bir reytingda yetakchilar safidan joy olgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek