Ro‘ziqul Berdiyev: Al Ittihod»ga qarshi bahs «Nasaf» uchun so‘nggi imkoniyat

23-dekabr 2025 15:28 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir
Foto: FC Nasaf

Osiyo Chempionlar Ligasi Elit musobaqasining 6-turi doirasida bo‘lib o‘tadigan «Al Ittihod» va «Nasaf» uchrashuvi oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi.

«Nasaf» bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev jamoa Jidda shahriga to‘liq tarkibda kelmaganini, ammo yulduzli raqibga munosib qarshilik ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi. Mutaxassis ushbu o‘yin jamoa uchun musobaqani davom ettirish yo‘lidagi so‘nggi imkoniyat ekanini ta’kidladi.

«Jamoamiz bu uchrashuvga to‘liq tarkibda kelmadi. Shunga qaramay, ertaga ayrim yosh futbolchilarga ham imkoniyat beramiz. Bu ular uchun katta tajriba va muhim saboq bo‘ladi», — dedi Berdiyev.

O‘zbekistonda ichki chempionat yakunlanganiga qaramay, qarshiliklar ushbu muhim bahsga 10 kun davomida maxsus tayyorgarlik ko‘rgan. Ro‘ziqul Berdiyev raqib tarkibida jahon darajasidagi yulduzlar jamlanganini e’tirof etib, «Al Ahli» va «Al Hilol»ga qarshi o‘yinlardagi kabi tartibli harakat qilish evaziga ijobiy natijaga erishish mumkinligini aytdi.

Bu uchrashuv «Nasaf» uchun 2025-yildagi so‘nggi rasmiy o‘yin hisoblanadi. Matbuot anjumanida ishtirok etgan «Nasaf» futbolchisi Zafarmurod Abdirahmatov ham jamoa bellashuvga jiddiy hozirlik ko‘rganini va o‘yin qiziqarli o‘tishiga ishonishini ta’kidladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan OChL doirasida «Nasaf» o‘z maydonida imkoniyatni boy bergani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek