Polestones Adamas avtomobili taqdim etildi

29-dekabr 2025 11:29 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Foto: Rox Motor

Xitoyda Rox Motor yangi Polestones Adamas EREV yo‘ltanlamasini rasman sotuvga chiqardi. Model ikki komplektatsiyada taklif etilmoqda va boshlang‘ich narx 349,9 ming yuan (taxminan $49,8 ming)ni tashkil etadi.

Polestones Adamas 6 va 7 o‘rindiqli konfiguratsiyalarda ishlab chiqariladi. CLTC standarti bo‘yicha umumiy yurish masofasi 1 ming 405 kmga yetadi. Bu ko‘rsatkich EREV segmenti uchun yuqori natija hisoblanadi.

Avtomobil 1,5 litrli turbo benzin dvigateli va elektr motorlardan iborat gibrid tizim bilan jihozlangan. Tizim 108 kVt quvvatga ega dvigatel va CATL ishlab chiqargan 44,5 kVt soatli akkumulyator asosida ishlaydi. To‘liq elektr rejimida yurish masofasi 215 kmni tashkil etadi.

Old yuruvchi versiyada 201 ot kuchiga ega elektromotor qo‘llaniladi. To‘liq uzatmali variantda esa qo‘shimcha 268 ot kuchli motor bor. Natijada maksimal umumiy quvvat 469 ot kuchiga yetadi. 0 dan 100 km soatgacha tezlanish 5,5 soniyada amalga oshadi.

Foto: Rox Motor

Model off-road imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratilgan. Havo osmasi 140 mm oralig‘ida sozlanadi. Maksimal suv kechish chuqurligi 770 mm. Tik ko‘tarilish burchagi 45 darajani tashkil etadi. Haydash uchun 7 xil yo‘l rejimi mavjud.

Yordamchi haydash tizimi 3 ta millimetrli radar, 11 ta kamera va 12 ta ultratovushli datchik orqali ishlaydi. Hisoblash uchun Horizon Robotics’ning Journey J6M chipi qo‘llanilgan.

Tashqi ko‘rinishda Polestones 01 dizayn uslubi saqlanib qolgan. Korpus o‘lchamlari 5050–5298 mm uzunlik, 1985 mm kenglik va 1869 mm balandlikni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi 3 ming 10 mm. Model besh xil rangda taklif etiladi.

Salon to‘rt xil rangda taqdim etilgan. Oldinroq Polestones Adamas BAA, Qatar va Saudiya Arabistonida ham sotuvga chiqqan edi. Bir oy ichida 2 mingdan ortiq buyurtma olingan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Leapmotor D19 avtomobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek