Yangi Damas haqida qiziqarli 5 ta ma’lumot

10-yanvar 2026 16:36 eʼlon qilindi

(11-yanvar 2026 00:11 yangilandi)
Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Yangi Damas haqida qiziqarli 5 ta ma’lumot
Foto: Autostrada

UzAuto Motors Chevrolet N400 platformasiga asoslangan mutlaqo yangi Damas’ni taqdim etdi. Kursiv Uzbekistan nashrining ushbu maqolasida yangi Damas haqida qiziqarli 5 ta ma’lumot keltiriladi.

Yangi modelning dizayni qanday yaratilgan

Yangi Chevrolet Damas tashqi ko‘rinishi bilan avvalgi Daewoo Damasdan keskin farq qiladi. Eski model 1996-yildan buyon Asaka zavodida ishlab chiqarilib, Suzuki Carry platformasiga tayangan edi. Yangi Damas esa Xitoyda ishlab chiqilgan Wuling Hongguang V platformasiga asoslanadi. Global bozorda bu platforma Chevrolet N400 nomi bilan tanilgan. Keng kuzov, slayder eshik va balandroq tom yangi modelga zamonaviy qiyofa beradi.

Foto: Autostrada

Yuk ko‘tarish hajmi kengaydi

Yangilangan Damas ikki variantda taklif etiladi. Damas Move yetti o‘rindiqli yo‘lovchi versiya hisoblanadi. U oilaviy foydalanish va kundalik ehtiyojlar uchun moslashtirilgan. Damas Max esa yuk va yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan bo‘lib, 650 kg gacha yuk ko‘tarish imkoniyatiga ega. Yukxona hajmi 3 kubmetrdan oshadi.

Eski modeldan farqlari

Avvalgi Damas bilan solishtirganda yangi model saloni ancha keng. G‘ildirak bazasi 2850 mm ga yetkazilgan. Kuzov uzunligi 4425 mm, kengligi esa 1670 mm ni tashkil etadi. Bu o‘zgarishlar yo‘lovchilar va yuk uchun ko‘proq bo‘sh joy yaratadi.

Foto: Autostrada
Foto: Autostrada

Yangilangan Damas 1,2 litrli 81 ot kuchiga ega va 1,5 litrli 103 ot kuchiga ega dvigatellar bilan jihozlanadi. Bu avvalgi 0,8 litrli 38 ot kuchli dvigatelga nisbatan sezilarli sakrash hisoblanadi. Barcha dvigatellar Euro-5 ekologik talablarga javob beradi va besh pog‘onali mexanik uzatma bilan ishlaydi.

Modelda ABS va EBD tormoz tizimlari mavjud. Konditsioner, isitish va shamollatish tizimi, ovoz tizimi kabi qulayliklar taklif etiladi. Damas Move versiyasida ikki zonali, Damas Maxda esa bir zonali iqlim nazorati qo‘llaniladi.

Global modelning mahalliy talqini

Foto: Autostrada

Yangilangan Damas xalqaro bozorlarda Chevrolet N400 yoki Tornado nomlari bilan sotiladigan modelga mos keladi. Lotin Amerikasida u Chevrolet Tornado Van sifatida tanilgan. Ushbu avtomobil SAIC-GM-Wuling qo‘shma korxonasi mahsuloti bo‘lib, endi mahalliy bozor uchun moslashtirilgan shaklda ishlab chiqarilmoqda.

Model qayerda yig‘iladi

Yangilangan Damas Xorazm Avto zavodida yig‘iladi. Shu bilan birga, Asaka zavodida eski Damas ishlab chiqarilishi ham saqlab qolinadi. Bu xaridorlarga klassik va zamonaviy variant o‘rtasida tanlov imkonini beradi. Model davlat topshirig‘iga muvofiq arzon, yetti o‘rindiqli va ekologik toza avtomobil sifatida ishlab chiqildi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangilangan Damas rasman taqdim etilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek