Volkswagen ID. Era 9X avtomobili taqdim etildi

12-yanvar 2026 11:27 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Foto: Volkswagen

Volkswagen Xitoy bozori uchun mo‘ljallangan ulkan Volkswagen ID. Era 9X modelini rasman taqdim etdi. Avtomobil SAIC Volkswagen qo‘shma korxonasi doirasida ishlab chiqilgan bo‘lib, u ketma-ket (serial) gibrid sxema asosida ishlaydi.

Model faqat elektromotorlar orqali harakatlanadi. Benzinli dvigatel esa g‘ildiraklarni bevosita aylantirmaydi, balki faqatgina tortuvchi batareyani zaryadlash uchun generator vazifasini bajaradi.

O‘lchamlari bo‘yicha gigant

Foto: Volkswagen

ID. Era 9X o‘lchamlari bilan Volkswagen’ning deyarli barcha global krossoverlaridan katta. Hatto u BMW X7’dan ham yirikroq bo‘lib chiqdi. Avtomobilning gabaritlari 5 207 x 1 997 x 1 810 mmni tashkil etadi, g‘ildirak bazasi esa 3 070 mm. Salon 2+2+2 formatida olti o‘rindiqli qilib ishlangan.

O‘lchamlari bo‘yicha model Li Auto L9 bilan taqqoslanmoqda. Tashqi ko‘rinishi esa o‘tgan yili namoyish etilgan konseptga deyarli to‘liq mos keladi.

Uch xil texnik konfiguratsiya

Volkswagen ID. Era 9X uchta texnik variantda taklif etiladi. Boshlang‘ich talqinda orqa o‘qda joylashgan bitta elektromotor 295 ot kuchiga ega. Ushbu versiya 51,1 kVt/soat sig‘imdagi LFP batareya bilan jihozlanadi va faqat elektrda 267 km masofani bosib o‘ta oladi.

Foto: Volkswagen

Ikkinchi modifikatsiya ham orqa yuritmaga ega, biroq batareya sig‘imi 65,2 kVt·soat bo‘lib, elektr rejimida yurish zaxirasi 340 kmga yetadi.

Eng yuqori versiya esa to‘liq yuritmali bo‘lib, ikkinchi elektromotor bilan to‘ldirilgan. Umumiy quvvat 510 ot kuchiga teng. Bu variantda faqat elektrda yurish zaxirasi 321 kmni tashkil etadi.

1000 km atrofidagi umumiy yurish zaxirasi

Benzin generatori hisobga olingan holda umumiy yurish masofasi 1 000 km’dan oshishi kutilmoqda. Biroq aniq ko‘rsatkichlarni Volkswagen hozircha ochiqlamagan.

Salon va sotuvlar

Seriyali modelning interyeri hozircha rasman ko‘rsatilmagan. Shunga qaramay, kengligi bo‘ylab joylashgan ulkan panoramali displey hamda ikkinchi qator yo‘lovchilari uchun alohida ekran saqlab qolinishi kutilyapti.

ID. Era 9X narxlari savdo boshlanishiga yaqin e’lon qilinadi. Hozircha model faqat Xitoy bozori uchun mo‘ljallangan va boshqa mamlakatlarga eksport qilinishi haqida ma’lumot berilmagan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Volkswagen Sagitar S avtomobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek