
Italiya oshxonalari uslubidagi yupqa xamirli pitsa uy sharoitida ham oson tayyorlanadi. Xamiri yengil, ichi esa mazali va xushbo‘y bo‘lib, bu pitsa ham kattalar, ham bolalarga birdek manzur bo‘ladi. Oddiy masalliqlar va qisqa vaqt ichida haqiqiy italyancha ta’mga ega taom tayyorlash mumkin.
Kursiv Uzbekistan retsepti bilan kechki dasturxoningizga italyancha yupqa xamirli pitsa tortishingiz mumkin.
Masalliqlar
| Masalliqlar | |
|---|---|
| Xamir uchun | 200 g un |
| 125 ml iliq suv | |
| 1 choy qoshiq quruq xamirturush | |
| 1 choy qoshiq tuz | |
| 1 choy qoshiqshakar | |
| 2 osh qoshiq zaytun moyi | |
| Asosi uchun | 100 g qaynatilgan tovuq go‘shti |
| 100 g qizil piyoz | |
| 40 g yashil bulg‘or qalampiri | |
| 2 osh qoshiq pomidor pastasi | |
| 200 g motsarella pishlog‘i | |
| Ta’bga ko‘ra marinadlangan kavar kurtaklari | |
| Ta’bga ko‘ra rukkola |
Tayyorlanishi
- Iliq suvga shakar va tuzni solib eriting, xamirturush qo‘shib aralashtiring va 10 daqiqa iliq joyda qoldiring.
- Unni elab idishga soling, ustidan zaytun moyi va xamirturushli aralashmani qo‘shib, yumshoq xamir qorib oling.
- Xamir ustini yopib, 15 daqiqa tindiring.
- Shu vaqt ichida pitsa asosi uchun barcha masalliqlarni mayda to‘g‘rab oling.
- Xamirni 3–4 mm qalinlikda aylana shaklda yoyib, pergament qog‘oz solingan patnisga joylashtiring.
- Ustiga pomidor pastasini surting, piyoz, bulg‘or qalampiri, tovuq go‘shti va xohishga ko‘ra kavar kurtaklarini seping.
- Eng ustiga motsarella pishlog‘ini tekis qilib joylang.
- Oldindan 200°C gacha qizdirilgan pechda 10 daqiqa davomida pishiring.
- Pechdan olgach, ustiga rukkola solib dasturxonga torting!
Yoqimli ishtaha!