Audi A6L avtomobili taqdim qilindi

16-yanvar 2026 09:53 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Foto: Autohome

Xitoyda Audi kompaniyasining mutlaqo yangi Audi A6L avtomobili namoyish etildi. Model brend uchun Xitoy bozorida strategik ahamiyatga ega hisoblanadi.

Ma’lum qilinishicha, narxlar va komplektatsiyalar keyinroq e’lon qilinadi. Yangi Audi A6L benzinli avtomobillar uchun mo‘ljallangan PPC platformasida ishlab chiqildi. Ushbu platforma Audi A5L va yangi Q5L modellarida ham qo‘llaniladi. PPC’ning asosiy ustunligi E3 1.2 elektron arxitekturasi bilan chuqur integratsiyadir. Shu orqali Audi’ning benzinli modellarida ilk bor Huawei Qiankun aqlli haydovchiga yordam tizimi paydo bo‘ldi.

Foto: Autohome

Avtomobil ikkita lidar bilan jihozlangan. Yordamchi tizim trassada yarim avtonom harakatlanishni, parkovka manevrlarini yodlab qolishni, bo‘sh joylarni topishni va masofadan turib parkovka qilishni qo‘llab-quvvatlaydi.

Eksteryer dizaynida bir nechta variantga ega yirik radiator panjarasi, havo qabul qilgichlarga yashirin joylashtirilgan lidarlar, Star Matrix matritsali faralar va yarim yashirin eshik tutqichlari mavjud. Orqa qismda esa animatsiyali yorug‘lik effektlariga ega ikkinchi avlod OLED fonarlar o‘rnatilgan.

Avtomobil o‘lchamlari sezilarli darajada kattalashdi. Uzunligi 5142 mm, eni 1887 mm, balandligi 1464 mm.ni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi esa 3066 mm.ga yetdi.

Foto: Autohome

Salon Audi’ning so‘nggi modellari uslubida bajarilgan. Old panelda uchta ekran joylashgan. Raqamli panel 11,9 dyuym, multimedia tizimi 14,5 dyuym, old yo‘lovchi uchun ekran 10,9 dyuym. Shuningdek, 3D effektli proyeksion displey, ko‘p zonali atmosfera yoritilishi, takomillashtirilgan o‘rindiqlar, premium audio tizim va ultrabinafsha nurlarning 99 foizini to‘suvchi panoramali tom mavjud.

Dvigatellar qatoriga uchta variant kiradi. Asosiy versiyada 204 ot kuchiga ega 2,0 litrli turbomotor ishlatiladi. O‘rta komplektatsiyalarda 272 ot kuchli 2,0 litrli EA888 Gen5 «yumshoq» gibrid tizimi taklif etiladi. Eng yuqori talqinda 367 ot kuchli 3,0 litrli V6 dvigatel mavjud. To‘liq yuritma bazaviy komplektatsiyadan boshlanadi. Qo‘shimcha tarzda to‘liq boshqariladigan shassi va moslashuvchan pnevmoosma taklif qilinadi.

Audi A6L Xitoy bozorida brendning eng muhim modeli hisoblanadi. 2025-yil dekabrida 19 ming dona avtomobil sotilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Audi Q6 2026 avtomobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek