
Tecno kompaniyasi Spark Go 3 smartfonini rasman taqdim qildi. Bu haqda kompaniya rasmiy saytida ma’lum qildi.
Qurilma atigi $100 narx bilan taklif etilmoqda va budjet segmenti uchun yetarli texnik imkoniyatlarga ega.

Smartfon Unisoc T7250 (T615) protsessori asosida ishlaydi. Ushbu chipset AnTuTu testida qariyb 300 ming ball to‘playdi. Qurilma 4 GB tezkor xotira hamda 64 yoki 128 GB ichki xotira bilan taqdim etiladi.
Tecno Spark Go 3’ning ekrani 6,75 dyuymli bo‘lib, HD+ aniqlikka ega. Asosiy afzalligi — 120 Hz yangilanish chastotasi. Bu ko‘rsatkich ushbu narx toifasidagi smartfonlar uchun kam uchraydi. Batareya sig‘imi 5000 mA·soatni tashkil etadi, quvvatlash esa 15 Vt bilan cheklangan.

Budjet model bo‘lishiga qaramay, qurilma IP64 standarti bo‘yicha chang va suv tomchilaridan himoyalangan. Shuningdek, ishlab chiqaruvchi smartfon 1,2 metr balandlikdan tushishga ham bardosh bera olishini ma’lum qilmoqda.

Spark Go 3 bitta 13 megapikselli asosiy kamera, infraqizil port va Android 15 operatsion tizimi bilan jihozlangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 220 dollarlik Tecno Pova Curve 2 5G budjet smartfoni taqdimotga tayyorlanayotgani haqida yozgandi.