
Samsung kompaniyasi nosoz SSD uchun mijozga qurilmaning dastlabki narxidan ancha yuqori miqdorda kompensatsiya to‘ladi. Bu haqda Sammobile xabar bermoqda. Foydalanuvchi AQShdagi Reddit platformasida xabar qoldirgan.
Gap 4 TB xotiraga ega Samsung 990 Pro SSD haqida ketmoqda. Qurilma xotira narxlari oshishidan oldin sotib olingan. Foydalanish jarayonida SSD beqaror ishlay boshlagan, keyinchalik esa butunlay ishdan chiqqan. Samsung texnik ko‘magi tekshiruvdan so‘ng qurilmani ta’mirlab bo‘lmasligini tasdiqlagan.
Dastlab kompaniya sovitish radiatoriga ega boshqa versiyani taklif qilgan. Biroq u foydalanuvchining noutbukiga mos kelmagan. Keyinroq xuddi shu model yuborilishi aytilgan. Ammo bir necha haftadan so‘ng Samsung omborda kerakli SSD yo‘qligini ma’lum qilgan va pul qaytarishni taklif etgan.
Kompensatsiya qurilmaning bozor narxi asosida amalga oshirilgan. To‘lov paytida SSD narxi dastlabki qiymatidan ikki barobardan ko‘p bo‘lgan. Natijada mijoz $495 miqdorida pul olgan.
Samsung ushbu holat yuzasidan rasmiy izoh bermagan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xiaomi 15T Pro kamerasi Galaxy S25 Ultra darajasida baholangani haqida yozgan edi.