Chevrolet Tracker avtomobili orqali pul topishning 5 usuli

19-yanvar 2026 16:00 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Chevrolet Tracker avtomobili orqali pul topishning 7 usuli
Foto: Kursiv Uzbekistan / Samijon Juraqulov

Chevrolet Tracker O‘zbekistondagi eng ommabop modellardan biri hisoblanadi. 2025-yilda bu avtomobildan 45,4 ming dona xarid qilingan. Kursiv Uzbekistan nashrining ushbu maqolasida Chevrolet Tracker avtomobili yordamida pul topish yo‘llari haqida so‘z boradi.

Ushbu maqolada quyidagilar haqida so‘z boradi:

Taksi xizmati

Avtomobil ijarasi

Yetkazib berish xizmati

Avtomobil kuzovida reklama

Sayyohlik va ekskursiya xizmatlari

1. Taksi xizmati — Chevrolet Tracker uchun asosiy daromad yo‘li

Chevrolet Tracker ko‘pchilik uchun eng avvalo taksi xizmati orqali daromad keltiradigan avtomobil sifatida ko‘riladi. Yandex Go, Uklon, MyTaxi kabi agregatorlarga ulanib, haydovchi o‘zi uchun qulay vaqtlarda yo‘lovchi tashish orqali barqaror daromad topishi mumkin.

Tracker bu sohada bir qator muhim ustunliklarga ega. Avtomobil saloni nisbatan keng va qulay, konditsioner tizimi samarali ishlaydi. Klirensi balandligi sababli shahar yo‘llaridagi mayda g‘ov va chuqurlar muammo tug‘dirmaydi. Eng muhimi, yangi avtomobil yo‘lovchilarda ijobiy taassurot qoldiradi. Bu esa baholar oshishiga va ko‘proq buyurtma olishga yordam beradi. Xarajatlarni kamaytirish maqsadida gaz, ya’ni metan yoki propan o‘rnatish imkoniyati ham muhim afzallik hisoblanadi.

Foto: Le Parking

Taksi haydovchisining daromadi asosan ish vaqti va bosib o‘tilgan masofaga bog‘liq bo‘ladi. Amaliy tajribaga ko‘ra, Yandex Go kabi servislar orqali ishlaydigan haydovchilar kuniga 300–400 ming so‘m sof foyda ko‘rishi mumkin. Xususan, «Komfort» toifasida faoliyat yuritilsa, yoqilg‘i va servis komissiyalaridan keyin aynan shu miqdor qo‘lda qoladi. Tig‘iz soatlarda yoki uzoq masofali buyurtmalarda esa daromad yanada oshadi. Ayrim holatlarda bir kunda 500 ming so‘mgacha foyda ko‘rgan haydovchilar ham bor. Avtomobil yangi bo‘lsa va oynalari qonuniy tartibda qoraytirilgan bo‘lsa, buyurtmalar soni va reyting ham odatda yuqoriroq bo‘ladi.

Amaliy maslahatlar

Taksi xizmatida muvaffaqiyat qozonish uchun avtomobil har doim saranjom va texnik jihatdan soz bo‘lishi kerak. Yo‘lovchilar toza, shinam va xavfsiz mashinani yuqori baholaydi. Mijozlar bilan xushmuomala bo‘lish, smartfon quvvatlagich yoki yo‘lakay yoqimli musiqa taklif qilish xizmat sifatini sezilarli oshiradi.

Shuningdek, bir nechta platformalarning bonus va reyting tizimlaridan faol foydalanish foydali. Talab yuqori bo‘lgan soatlar va hududlarda ishlash orqali qo‘shimcha bonuslar ishlab olish mumkin. Eng muhimi esa, qonuniy faoliyat yuritishdir. Litsenziya va o‘zini o‘zi band qilish hujjatlarini rasmiylashtirish jarimalardan saqlaydi va ishni xotirjam davom ettirish imkonini beradi.

2. Avtomobil ijarasi — kunlik va uzoq muddatli barqaror daromad

Agar Chevrolet Tracker’ni har kuni muntazam ishlatmasangiz, uni ijaraga berish orqali ham barqaror daromad manbaiga aylantirish mumkin. Bugungi kunda kunlik va haftalik avtomobil ijarasi bozori tez rivojlanmoqda. Sayyohlar, shaxsiy ehtiyoji uchun vaqtincha avtomobil izlayotganlar va hatto kompaniyalar qisqa muddatli ijarani afzal ko‘rmoqda.

Foto: Kursiv Uzbekistan

Chevrolet Tracker bu segment uchun juda maqbul variant sanaladi. Ixcham krossover bo‘lgani sababli u shaharda ham, shahar tashqarisida ham qulay va ishonchli harakatlanadi. Baland klirens va keng salon oilaviy sayohatlar yoki bir nechta odam bilan safarga chiqishda katta ustunlik beradi. Yangi modelning yoqilg‘i tejamkorligi ham ijarachilar uchun muhim omil hisoblanadi.

Kunlik ijara

Kunlik ijara qisqa muddatli foydalanish uchun mo‘ljallanadi va ko‘pincha masofa bo‘yicha cheklov belgilanadi. Masalan, 200 km/kun. Bozor narxlari hududga qarab farqlanadi, ammo sedanlarga nisbatan kattaroq va qulayroq bo‘lgani sabab Tracker’ning kunlik ijara narxi 500–800 ming so‘m atrofida shakllanishi mumkin.

Foto: OX

Misol uchun, 2025-yilda Car24 Rent markazida Cobalt va Gentra modellari uchun mos ravishda kuniga 400 ming va 450 ming so‘m tarif belgilangan. Ushbu summaning taxminan 60 foizi avtomobil egasiga beriladi. Natijada sedan egalariga bir kunda o‘rtacha 200–350 ming so‘m sof daromad qoladi. Tracker krossover bo‘lgani uchun yuqoriroq narxda ijaraga berilishi mumkin va shunga mos ravishda uning kunlik foydasi ham balandroq bo‘lishi ehtimoli katta.

Uzoq muddatli ijara

Uzoq muddatli ijara avtomobilni bir necha hafta yoki oyga berishni anglatadi. Bunday xizmat ko‘pincha xizmat safari uchun kelgan shaxslar yoki kompaniyalar tomonidan tanlanadi. Bu turdagi ijarada oyiga yagona summa kelishib olinadi va odatda u kunlik ijara hisobiga qaraganda biroz arzonroq chiqadi.

Amaliyotda ayrim rent-car agentliklari Tracker’ni oyiga 4–12 mln so‘m atrofida ijaraga taklif qilishi mumkin. Aniq narx muddat, shartlar, sug‘urta va texnik xizmat masalalariga bog‘liq bo‘ladi. Uzoq muddatli ijara kamroq xavf va barqaror tushum bilan ajralib turadi.

Foto: Autostrada

Amaliy maslahatlar

Avtomobilni ijaraga berishda ijarachining ishonchliligini tekshirish muhim. Shartnoma tuzish va garov puli talab qilish mumkin bo‘lgan xavflarni kamaytiradi. Mashinani toza holatda va to‘liq bak yonilg‘i bilan topshirish xizmat sifatini oshiradi.

Shuningdek, texnik ko‘rik va sug‘urtaning o‘z vaqtida bo‘lishi kutilmagan xarajatlardan himoya qiladi. Ijara boshlanishida avtomobil kuzovi holatini akt yoki raqamli suratlar orqali qayd etish esa kelgusida nizolar kelib chiqishining oldini oladi.

3. Yetkazib berish xizmati — Chevrolet Tracker uchun mos kuryerlik yechimi

So‘nggi yillarda oziq-ovqat va turli buyumlarni yetkazib berish xizmati jadal rivojlandi. Agar doimiy yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanishni istamasangiz, kuryerlik faoliyati yaxshi muqobil daromad manbai bo‘la oladi. Chevrolet Tracker bu yo‘nalishda ham o‘zini qulay va ishonchli avtomobil sifatida ko‘rsatadi.

Foto: Kursiv Uzbekistan

Tracker’ning muhim afzalliklaridan biri — yukxonasining moslashuvchanligidir. Orqa o‘rindiqlarni yiqitish orqali yuk bo‘limini sezilarli kengaytirish mumkin. Bu katta qutilar yoki ko‘p sonli buyurtmalarni bir yo‘la tashishga imkon beradi. Bundan tashqari, avtomobil tomiga reling yoki yuk qutisi o‘rnatilsa, yuk hajmi yanada oshadi va katta jo‘natmalarni yetkazib berish osonlashadi. Krossoverning baland klirensi va mustahkam konstruktsiyasi yengil tijorat yuklari uchun yetarli, ixcham o‘lchamlari esa shahar tirbandliklarida muammosiz harakatlanishga yordam beradi.

Qaysi yo‘nalishlarda ishlash mumkin

Kuryerlik faoliyati bir nechta yo‘nalishni qamrab oladi. Eng ommabop variant — restoran va kafelardan oziq-ovqat buyurtmalarini uy va ofislarga yetkazish. Shuningdek, onlayn do‘konlar mahsulotlari, pochta va posilkalarni tarqatish yoki yuk taksisi tarzida kichik mebel va maishiy texnika tashish ham mumkin.

Moliyaviy jihatdan qaralganda, kuryerlik ham barqaror daromad berishi mumkin. Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, faol ishlangan taqdirda kuniga o‘rtacha 300 ming so‘m atrofida daromad topish mumkin. Buyurtmalar soni, masofa va ishlash vaqtiga qarab bu ko‘rsatkich o‘zgaradi. Agar kun bo‘yi harakatda bo‘lsangiz, daromad bundan ham yuqori bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

Foto: Kursiv Uzbekistan

Amaliy maslahatlar

Kuryerlikda muvaffaqiyat kaliti — buyurtmalarni o‘z vaqtida va mas’uliyat bilan yetkazishdir. Mijozlarning ishonchi yuqori baho va ijobiy fikrlar orqali ko‘payadi, bu esa kelgusida buyurtmalar sonining oshishiga olib keladi. Avtomobil yuk bo‘limini doimo toza saqlash, ayniqsa oziq-ovqat yetkazishda, gigiyena talablariga rioya qilish uchun muhim.

Agar oziq-ovqat yetkazib berish bilan shug‘ullansangiz, termoyostiq sumkadan foydalanish tavsiya etiladi. Bu mahsulotlarning issiq yoki sovuq holatini saqlab qolishga yordam beradi. Shuningdek, bir nechta yetkazib berish servislarida bir vaqtning o‘zida ro‘yxatdan o‘tish ham foydali. Masalan, tushlik paytida oziq-ovqat yetkazib, kunduzi onlayn do‘kon posilkalarini tarqatish orqali bo‘sh vaqtni kamaytirib, daromadni oshirish mumkin.

4. Avtomobil kuzovida reklama

Avtomobil kuzoviga reklama joylashtirish haydovchi uchun deyarli hech qanday qo‘shimcha mehnat talab qilmaydigan passiv daromad manbai hisoblanadi. Agar siz kundalik hayotingizda ko‘p harakatlansangiz, shahar yoki shaharlararo qatnovda bo‘lsangiz, mashinangizni harakatdagi reklama maydoniga aylantirib daromad olish imkoniyati mavjud.

Foto: Kursiv Uzbekistan

Bu usulning qulay tomoni shundaki, siz alohida ishlashingiz shart emas. Oddiy haydovchilik jarayonida avtomobilingiz boshqalar e’tiborini tortadigan reklama banneri vazifasini bajaradi. Chevrolet Tracker kabi krossoverlar reklama uchun ayniqsa mos, chunki SUV turidagi avtomobillarning kuzovi keng bo‘ladi va yo‘lda sedanga qaraganda ko‘proq ko‘zga tashlanadi. Agar avtomobil rangi yorqin bo‘lsa yoki maxsus reklama plenkasi bilan to‘liq yoki qisman o‘ralgan bo‘lsa, u shaharda harakatlanayotgan brend vositasiga aylanadi.

Odatda reklama beruvchilar avtomobil kuzoviga logotip, brend nomi, slogan yoki mahsulot tasvirlari tushirilgan maxsus plenkani joylashtiradi. Ba’zi hollarda esa butun kuzovni to‘liq o‘rash, ya’ni to‘liq brending amalga oshiriladi. Bunday reklama doimiy ravishda ko‘plab odamlar ko‘ziga tushadi va kompaniyalar uchun samarali marketing vositasi hisoblanadi.

Foto: Kursiv Uzbekistan

Moliyaviy tomondan qaralganda, bu yo‘nalish katta daromad bermasligi mumkin, biroq barqaror va passiv tushum taqdim etadi. O‘zbekiston sharoitida ayrim reklama agentliklari avtomobilida reklama olib yurgan haydovchilarga oyiga 1,2 mln so‘mdan 1,8 mln so‘mgacha haq to‘laydi. To‘lov miqdori transport vositasi turi, qaysi hududlarda va qanchalik faol harakatlanishi, shuningdek reklama beruvchi kompaniya shartlariga bog‘liq bo‘ladi. Bu summa yoqilg‘i va kundalik xarajatlarning bir qismini qoplab beradigan qo‘shimcha daromad sifatida foydali hisoblanadi.

Amaliy maslahatlar

Avtomobilingizga reklama joylashtirishdan oldin faqat ishonchli va rasmiy reklama agentliklari bilan hamkorlik qilish maqsadga muvofiq. Shartnomani diqqat bilan o‘rganish, to‘lov shartlari va majburiyatlarni, jumladan oyiga minimal bosib o‘tilishi kerak bo‘lgan masofani aniqlab olish muhim.

Reklama plenkasining sifatiga alohida e’tibor qaratish lozim. Arzon va sifatsiz materiallar vaqt o‘tib kuzov rangini buzishi yoki iz qoldirishi mumkin. Shu sababli montaj ishlarini faqat professional ustalarga topshirish tavsiya etiladi.

Shuningdek, qonuniy jihatlar ham e’tibordan chetda qolmasligi kerak. O‘zbekistonda avtomobil kuzovida reklama joylashtirish ayrim hollarda ruxsatnoma talab qilishi mumkin. Reklama mazmuni va joylashtirish qoidalari amaldagi qonunchilikka mos bo‘lishi, mahalliy hokimiyat va yo‘l harakati xavfsizligi organlari talablariga zid kelmasligi muhim.

5. Sayyohlik va ekskursiya xizmatlari

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ichki va tashqi turizm sezilarli darajada faollashdi. Bu esa transport va ekskursiya xizmatlariga bo‘lgan talab yuqori ekanini ko‘rsatadi. Agar sizda Chevrolet Tracker bo‘lsa, uni sayyohlik xizmatlari orqali ham daromad manbaiga aylantirish mumkin.

Foto: Kursiv Uzbekistan

Tracker sayyohlik yo‘nalishlari uchun juda mos keladi. Krossover bo‘lgani sababli balandligi va klirensi yaxshi, shu bois tog‘li hududlar va sayyohlik maskanlariga olib boruvchi shag‘alli yo‘llarda ishonchli harakatlanadi. Kichik guruhlarni olib yurishda qulay. Masalan, Toshkentdan Chimyon tog‘lari yoki Chorvoq sohiliga oilaviy sayohat uyushtirishda avtomobilga ham yuk, ham yo‘lovchilar bemalol sig‘adi. Konditsionerli va shinam salon esa uzoq safarlarda qulaylikni ta’minlaydi.

Tarixiy shaharlar bo‘ylab ekskursiyalar ham yaxshi daromad keltirishi mumkin. Samarqand, Buxoro yoki Xiva kabi maskanlarga xorijiy sayyohlarni olib borishda Tracker qulay SUV sifatida xizmat qiladi. Uzoq masofalarga mo‘ljallangan safarlarda avtomobilning barqarorligi va salonda yetarli joy bo‘lishi muhim ustunlik sanaladi.

Daromad olishning ikki asosiy yo‘li mavjud. Birinchisi, turagentliklar bilan hamkorlik qilish. Ayrim turfirmalar haydovchisi bilan birga avtomobilni ijaraga olib, mehmonlarni aeroportdan kutib olish yoki diqqatga sazovor joylar bo‘ylab aylantirish uchun foydalanadi. Ikkinchisi, mustaqil faoliyat yuritish. Agar siz ingliz yoki boshqa chet tillarini bilsangiz, gid-haydovchi sifatida sayyohlarga xizmat ko‘rsatishingiz mumkin. Bu holda nafaqat transport, balki gidlik xizmati uchun ham haq olinadi.

Foto: Kiursiv Uzbekistan

Amaliyotda bir kunlik ekskursiya, masalan, Toshkentdan yaqin tog‘li hududlarga borib kelish uchun 500 ming so‘mdan 1 mln so‘mgacha to‘lov olish mumkin. Ekskursiya dasturi kengroq va masofa uzoqroq bo‘lsa, daromad ham oshadi. Xorijiy sayyohlar ko‘pincha xizmat haqini AQSh dollari yoki yevroda to‘lashadi. Valyuta kursini inobatga olganda, bu yo‘nalish yanada samarali bo‘lishi mumkin.

Amaliy maslahatlar

Sayyohlik xizmatini ko‘rsatishdan oldin marshrutlarni puxta o‘rganish muhim. Yo‘lda to‘xtash joylari, yoqilg‘i shoxobchalari va yo‘l haqlari haqida oldindan ma’lumotga ega bo‘lish xizmat sifatini oshiradi. Avtomobil texnik holatiga ham alohida e’tibor berish zarur. Uzoq safar oldidan moy, filtrlar va g‘ildiraklarni tekshirish yo‘lda kutilmagan muammolarning oldini oladi.

Salonda sayyohlar uchun qulaylik yaratish ham muhim. Ichimlik suvlari, salfetkalar yoki kichik avtomobil muzlatkichining mavjudligi mijozlarda ijobiy taassurot qoldiradi. Shuningdek, diqqatga sazovor joylar haqida asosiy tarixiy va madaniy ma’lumotlarni bilish foydali. Yo‘l davomida qisqacha hikoya qilib berish sayyohlarni mamnun qiladi va kelgusida yangi mijozlar tavsiya qilinishiga yordam beradi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Tracker narxining oshishi haqida yozgan edi.

Shuningdek