Chery iCar V27 dilerlarda paydo bo‘ldi

26-yanvar 2026 10:26 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Foto: Autohome

Chery kompaniyasining yangi Chery iCar V27 yo‘ltanlamasi Xitoyda dilerlar maydonchalarida paydo bo‘ldi. Bu haqda Autohome xabar bermoqda.

Avvalroq avtomobilning cheklangan tasvirlari e’lon qilingan edi, hozir esa uning dizaynini batafsil ko‘rish imkoni paydo bo‘ldi.

iCar V27 tashqi ko‘rinishi bilan mashhur yo‘ltanlamaslarni eslatadi. Old qismi Land Rover va Land Cruiser uslubiga yaqin bo‘lib, kvadrat shakldagi faralar va halqasimon kunduzgi chiroqlar bilan ajralib turadi. Kuzov profili burchakli chiziqlar va tekis tom bilan ishlab chiqilgan bo‘lib, bu salon ichida kenglik hissini kuchaytiradi. Yukxona eshigi yon tomonga ochiladi, chap tarafdagi vertikal tutqich esa modelning utilitar xarakterini ta’kidlaydi.

Foto: Autohome

Avtomobil o‘lchamlari ham yirik toifadagi SUV ekanini ko‘rsatadi. Kichik orqa boksli versiyaning uzunligi 4909 mm, zaxira g‘ildirak bilan jihozlangan variant esa 5055 mmni tashkil etadi. Eniga 1976 mm, balandligi 1894 mm bo‘lgan iCar V27’ning g‘ildirak bazasi 2910 mmga teng.

Salon zamonaviy minimalizm va funksionallikka yo‘naltirilgan. Old panelda katta mediaekran o‘rnatilgan bo‘lib, uning ostida havo chiqarish panjaralari va bir nechta jismoniy tugmalar joylashgan. Markaziy tunneldan simsiz quvvatlash maydoni, harakat rejimlari selektori va stakanlar uchun joy o‘rin olgan. Alohida raqamli asboblar paneli bo‘lmasligi mumkin, asosiy ma’lumotlar markaziy ekran orqali ko‘rsatiladi.

Foto: Autohome

Chery iCar V27 gibrid kuch qurilmasi bilan jihozlanadi. Tizim 1,5 litrli, 143 ot kuchiga ega benzin dvigateliga asoslangan. Orqa yetakli va to‘liq yetakli versiyalar taklif etiladi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, to‘liq yetakli variant 455 ot kuchigacha umumiy quvvatni ta’minlaydi. Avtomobil sof elektr rejimida 200 km dan ortiq masofani bosib o‘ta oladi, umumiy yurish zaxirasi esa 1200 km dan oshadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 32 ming dollarlik Chery Tiggo 8’ning yangi bazaviy talqini bozorga chiqayotgani haqida yozgan edi.

Shuningdek