Chery kompaniyasi ikkita modelini ommaviy qaytarib olmoqda

26-yanvar 2026 13:24 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Foto: CarNewsChina

Chery kompaniyasi Xitoyda Jaecoo J7 va Tiggo 7 avtomobillarini qaytarib olmoqda. Bu haqda CarNewsChin xabar bermoqda.

Qaytarib olish 2025-yil 1-apreldan 8-dekabrgacha ishlab chiqarilgan jami 1108 ta avtomobilni qamrab oladi. Gap Chery Tansuo 06 modeli va Tiggo 7 1.6T haqida ketmoqda. Tansuo 06 modeli xorijiy bozorlarda Jaecoo J7 nomi bilan sotiladi. Ushbu avtomobillar Chery’ning ixcham SUVlar qatoriga kiradi va Xitoy bozorida keng tarqalgan modellardan hisoblanadi.

Mutaxassislar ishlab chiqarish jarayonida ayrim avtomobillarda dvigatelning elektron boshqaruv bloki bilan bog‘liq simlar mahkamlanmagan bo‘lishi mumkinligini aniqlagan. Vaqt o‘tishi bilan bu simlar ishqalanib, shikastlanishi ehtimoli mavjud. Natijada avtomobil harakat vaqtida dvigatel to‘satdan o‘chib qolishi mumkin. Bu esa haydovchi, yo‘lovchilar va boshqa yo‘l harakati ishtirokchilari uchun jiddiy xavf tug‘diradi.

Foto: CNC

Chery barcha qaytarib olinayotgan avtomobillarda elektron boshqaruv blokiga ulangan simlarni bepul tekshirib chiqishini bildirdi. Agar nosozlik aniqlansa, kerakli qismlar ta’mirlanadi yoki almashtiriladi. Avtomobil egalari rasmiy dilerlar orqali pochta, telefon yoki SMS xabarnoma orqali ogohlantiriladi.

Qayd etilishicha, Jaecoo J7 va Tiggo 7 1.6T modellari 1,6 litrli turbo dvigatel bilan jihozlangan bo‘lib, taxminan 145 kW quvvat va 290 Nm aylanish momentiga ega. Avtomobillar 7 pog‘onali ikki muftali avtomatik uzatmalar qutisi bilan jihozlangan va shahar hamda yengil yo‘ldan tashqari sharoitlarda foydalanish uchun mo‘ljallangan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chery iCar V27 dilerlarda paydo bo‘lgani haqida yozgan edi.

Shuningdek