Kia kompaniyasi O‘zbekistonda ishlab chiqarishni kengaytiradi

29-yanvar 2026 12:02 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Kia kompaniyasi O‘zbekistonda ishlab chiqarishni kengaytiradi / Foto: SI

Janubiy Koreyaning Kia kompaniyasi MDH mamlakatlarida avtomobil ishlab chiqarish hajmini O‘zbekiston va Qozog‘istondagi ishlab chiqarish maydonlari hisobiga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Kia’ning investorlar bilan aloqalar bo‘yicha ijrochi direktori Chon Son Guk ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Osiyo-Tinch okeani mintaqasida kompaniya ishlab chiqarish tannarxini pasaytirishga e’tibor qaratmoqda. Shu maqsadda Malayziya va Indoneziyada yangi ishlab chiqarish хаblarini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Kia 2026-yilda savdo hajmi Osiyo-Tinch okeani mintaqasida 12,6 foizga oshishini kutmoqda. MDH mamlakatlarida esa savdo o‘sishi 23,5 foizga yetishi prognoz qilinmoqda. Shu bilan birga, kompaniya AQShning avtomobillarga nisbatan boj siyosati sabab operatsion foyda 3,5 trln von, ya’ni $2,45 mlrdga kamayishini taxmin qilmoqda.

Ma’lumot uchun, Kia 2020-yilda O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. Mashinalar Jizzax viloyatidagi ADM Jizzakh korxonasida yig‘iladi.

Qozog‘istonda esa Kia avtomobillarini yig‘ish 2021-yilda Qostanay shahrida boshlangan. 2025-yilda ushbu hududda kompaniyaning yangi zavodi ishga tushirilgan.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekistonda Kia avtomobillari ishlab chiqarish hajmi 26,3 ming donadan oshgan. Taqqoslash uchun, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 22 ming dona bo‘lgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Kia Sonet 2026 qanday imkoniyatlar bilan chiqishi haqida yozgan edi.

Shuningdek