
Volkswagen kompaniyasi o‘z model qatoriga yana bir yangi pikap qo‘shishni rejalashtirmoqda. Kolesa.kz nashriga ko‘ra, yangi avtomobil Tukan deb nomlanadi va u asosan Braziliya bozori uchun ishlab chiqiladi.
Modelning hozircha faqat bitta tizer surati e’lon qilingan. Unda qisqa kuzovli, yorqin sariq rangdagi pikap tasvirlangan. Volkswagen Tukan Fiat Toro, Ram Rampage va Chevrolet Montana kabi modellarga raqobatchi bo‘lishi kutilmoqda. Shu sababli u krossover platformasi asosida quriladi va katta yuk ko‘tarish quvvatiga ega bo‘lmaydi.
Yangi pikap 1,4 litrli turbomotor bilan jihozlanishi mumkin. Shuningdek, yengil (mild) gibrid dvigatel varianti ham ehtimoldan xoli emas.
Ta’kidlash joizki, Volkswagen ilgari shunga o‘xshash Tarok nomli konsept pikapni 2018-yilda namoyish qilgan edi. Dizaynerlar aynan shu konseptdan ilhomlangan bo‘lishi mumkin.

Volkswagen Tukan avtomobilining ishlab chiqarilishi 2027-yil boshida Braziliyaning San-Joze-dus-Pinyays shahridagi zavodda boshlanishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQShda 44 mingdan ortiq Volkswagen ID.4 elektromobili chaqirib olinishi haqida xabar berilgandi.