
Hyundai’ning ichki yonuv dvigatelli eng ixcham krossoveri Hyundai Bayon qishki sinovlar chog‘ida kamuflyaj ostida tasvirga tushdi. Bu haqda Carcoops xabar bermoqda. Krossover dizayni hamda konsepsiyasida jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishidan darak bermoqda.

Agar amaldagi Bayon ko‘proq xetchbekka yaqin ko‘rinishga ega bo‘lsa, keyingi avlod modeli haqiqiy krossover qiyofasini oladi. Kuzatilgan suratlarga ko‘ra, yangi Bayonning tom chizig‘i ancha to‘rtburchak bo‘ladi. Umumiy proporsiyalar esa yanada massiv ko‘rinishga ega.
Eng muhim yangilik kapot ostida bo‘lishi kutilmoqda. Hozirgi Bayon 1,0 litrli turbomotor asosidagi 48 voltli yumshoq gibrid tizimi bilan jihozlangan. Insayderlarga ko‘ra, keyingi avlod ilk bor to‘liq gibrid (HEV) kuch qurilmasiga ega bo‘ladi. Shuningdek, agressivroq bamperlar va qayta sozlangan osma bilan N Line sport talqinining paydo bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas.

Fotosuratlardan Bayon hajman kattalashgani ham ko‘rinadi. G‘ildirak bazasi hozirgi 2 580 mm ko‘rsatkichdan oshirilishi, iz kengligi esa kengaytirilishi kutilmoqda. Bu esa yukxona hajmi va orqa qator yo‘lovchilari uchun oyoq joyining ko‘payishiga xizmat qiladi. Salon ichida esa raqamli transformatsiya bo‘lishi, multimedia ekranlari kattalashishi va xavfsizlik tizimlari yanada takomillashishi rejalashtirilgan.

Model yiriklashgani sayin u Hyundai Kona’ga juda yaqinlashib qolishi mumkin. Shu sababli kompaniya bozor ichida ushbu ikki krossoverni aniq farqlash strategiyasini ishlab chiqishi kerak bo‘ladi. Yangi avlod Hyundai Bayon’ning to‘liq taqdimoti 2026-yil oxiriga rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Hyundai Tucson 2027 qanday imkoniyatlar bilan chiqqani haqida yozgan edi.