
Yevropa bozorida Xiaomi kompaniyasining yangi Redmi Note 15 liniyasi taqdim etildi. Qator to‘rtta modeldan iborat. Ixbt.com nashri modelning texnik imkoniyatlari haqida sharh tayyorladi.
Mundarija:
- Dizayn va korpus sifati
- Komplektatsiya va ergonomika
- Displey sifati
- Ishlash va platforma
- Kamera imkoniyatlari
- Batareya va zaryad
Dizayn va korpus sifati
Redmi Note 15 Pro+ 5G zamonaviy va «oraliq» dizaynga ega. Old va orqa panellar qisman egilgan. Bu yechim kaftga bosim bermaydi, ammo to‘liq tekis qirrali modellar kabi amaliy emas. Qurilma kattaroq va og‘irroq.

Yon ramka alyuminiy emas, metall rangli plastikdan ishlangan. Orqa qopqoq ayrim versiyalarda ekoteri, boshqalarida esa shisha tolali kompozit materialdan tayyorlangan. Old tomonda esa arzon modellar uchun odatiy bo‘lmagan Gorilla Glass Victus 2 qo‘llanilgan. Bu ekran tirnalish va zarbalarga yuqori darajada chidamli.
Model bir vaqtning o‘zida IP66, IP68, IP69 va IP69K standartlariga mos keladi. Ishlab chiqaruvchiga ko‘ra, qurilma 2,5 metr balandlikdan tushishga va 24 soat davomida 2 metr chuqurlikdagi suvga bardosh bera oladi. Bu xususiyatlar uni flagmanlarga yaqinlashtiradi.

Komplektatsiya va ergonomika
Smartfon qutisida 100 Vt quvvatli zaryadlovchi, kabel va himoya g‘ilofi mavjud. Yon tugmalar bir tomonda joylashgan va foydalanishda qulay. Pastki qismda USB Type-C porti va dinamika, yuqorisida esa qo‘shimcha dinamik va infraqizil port joylashgan. Qurilma stereo ovozni qo‘llab-quvvatlaydi va ovoz balandligi yuqori.
Barmoq izi skaneri ekran ostida joylashgan. Wet Touch 2.0 texnologiyasi esa nam ekran yoki qo‘l bilan ham aniq ishlashni ta’minlaydi.

Displey sifati
6,83 dyuymli AMOLED ekran 120 Hz yangilanish chastotasiga ega. Ruxsat qobiliyati yuqori, tasvir juda tiniq. Quyosh ostida maksimal yorqinlik 1000 kdk/m² gacha yetadi. Bu ko‘rsatkich tashqi sharoitda o‘qishni qulay qiladi.
Avtomatik yorqinlik rejimi barqaror ishlaydi. Oqartirilgan ranglar yo‘q, qora rang chinakam qora ko‘rinadi. OLED texnologiyasi sabab kontrast juda yuqori. Miltillash deyarli sezilmaydi, bu ko‘z uchun qulay.

Egri qirralar esa yagona minus sifatida qayd etiladi. Ular ayrim holatlarda rang buzilishiga va yorug‘lik aksiga olib keladi. Biroq egilish minimal darajada qilingan.
Ishlash va platforma
Smartfon Qualcomm Snapdragon 7s Gen 4 protsessori bilan jihozlangan. Bu chip yuqori darajadagi kundalik ishlashni ta’minlaydi. Android 15 asosidagi HyperOS 2 tizimi interfeysni silliq va barqaror qiladi. 8 yoki 12 GB operativ xotira hamda 256 yoki 512 GB ichki xotira varianti mavjud.
UFS 2.2 xotirasi zamonaviy flagmanlardan biroz ortda qoladi, biroq real foydalanishda bu jiddiy muammo tug‘dirmaydi.

Kamera imkoniyatlari
Asosiy kamera 200 megapikselli sensor bilan jihozlangan. OIS optik barqarorlashtirish mavjud. Standart rejimda 4 pikselni 1 pikselga birlashtirgan holda suratga oladi. Bu kundalik foydalanish uchun qulay. 200 MP rejim esa maksimal detallashni beradi, ammo fayllar juda katta va qayta ishlash sekinroq.




Keng burchakli kamera 8 MP. U kunduzi yetarli, biroq kechasi kuchsizroq. Telefoto va optik zum yo‘qligi kamera blokining asosiy cheklovlaridan biri hisoblanadi. Old kamera 32 MP bo‘lib, ijtimoiy tarmoqlar uchun yetarli sifat beradi.
Batareya va zaryad
6 500 mA/soat sig‘imli batareya smartfonning kuchli tomonlaridan biri. Faol foydalanishda ham bir kun, o‘rtacha rejimda esa bir yarim–ikki kungacha yetadi. 100 Vt tezkor zaryad tufayli batareya juda qisqa vaqtda to‘ldiladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xiaomi 17 Ultra Yevropada qanday narxda sotilishi haqida yozgan edi.