
Rossiyadagi sobiq Volkswagen zavodida yangi Volga avtomobillarini ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda. TASS nashriga ko‘ra, ishlab chiqarishni 2026-yilda yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Nijniy Novgorod viloyatidagi sobiq Volkswagen zavodida Volga brendi ostida avtomobillar ishlab chiqariladi. Bu yerda bir sedan va ikki krossover modeli yig‘ilishi rejalashtirilgan.
Sankt-Peterburgdagi sobiq Toyota zavodida esa Aurus Senat avtomobillari ishlab chiqarilishi mumkin. «Za rulyom» jurnali bosh muharriri Maksim Kadakovning aytishicha, bu yerda 99% ehtimol bilan Senat modeli chiqariladi. Unga ko‘ra, mazkur avtomobillar Toyota Camry va Mercedes E-class kabi modellar o‘rnini bosishi kutilmoqda.
Rossiya sanoat va savdo vaziri Anton Alixanov ham har ikki zavodda ishlab chiqarishni 2026-yilda boshlash rejalashtirilganini tasdiqlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq SSSR davridagi noyob «Volga» Chevrolet Tahoe narxida sotuvga qo‘yilgandi. Manbaga ko‘ra, bunday avtomobillar rasmiy ravishda seriyali hisoblangan bo‘lsa-da, amalda ularning soni juda kam bo‘lgan.