«Galatasaray» o‘z maydonida «Yuventus»ni tor-mor etdi

18-fevral 2026 09:46 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir
Foto: UEFA

«Galatasaray» UEFA Chempionlar ligasining pley-off bosqichi birinchi o‘yinida «Yuventus»ni 5:2 hisobida taslim etdi. Birinchi bo‘limda hisobda ortda qolgan mezbonlar o‘yinning ikkinchi qismida irodali g‘alabani tantana qilishdi.

Uchrashuvning 15-daqiqasida Gabriel Sara mezbonlarni hisobda oldinga olib chiqdi. Biroq oradan ko‘p o‘tmay «Yuventus» yarim himoyachisi Teun Kopmeiners 16 va 32-daqiqalarda dubl qayd etib, turinliklarni tanaffusga 2:1 hisobidagi ustunlik bilan olib chiqdi.

Галатасарай — Ювентус. Обзор матча Лиги чемпионов. 17.02.2026

Ikkinchi bo‘limda Okan Buruk shogirdlari o‘yin tizginini o‘z qo‘llariga olishdi. Noa Lang 49-daqiqada hisobni tenglashtirgan bo‘lsa, 60-daqiqada Davinson Sanches burchakdan uzatilgan to‘pni darvozaga yo‘llab, «Galatasaray»ni hisobda oldinga olib chiqdi. Mazkur golda Gabriel Sara assistentlik vazifasini bajardi.

Foto: UEFA

Uchrashuvning 67-daqiqasida «Yuventus» himoyachisi Xuan Kabal ikkinchi sariq kartochkani olib, maydonni tark etdi. Son jihatdan ustunlikka ega bo‘lgan turk klubi hujumlarni to‘xtatmadi. Noa Lang 74-daqiqada o‘zining ikkinchi golini urgan bo‘lsa, 86-daqiqada Sacha Boey yakuniy hisobni o‘rnatdi. «Galatasaray» o‘z tarixida ilk bor Chempionlar ligasi bahsida beshta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.

Jamoalar o‘rtasidagi javob uchrashuvi 25-fevral kuni Turinga belgilangan. G‘olib jamoa Chempionlar ligasining nimchorak final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Real Madrid» «Benfika» ustidan g‘alaba qozongani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek