
Hindistonda Nissan yangi model — Nissan Gravite avtomobilini taqdim etdi. U subkompakt toifadagi yetti o‘rinli mashina bo‘lib, kompaktven va krossover o‘rtasidagi turga kiradi.
Model badge-injeneriya mahsuli bo‘lib, aslida Renault Triber asosida yaratilgan va tashqi ko‘rinishda kichik o‘zgarishlar kiritilgan.

Dizayn va salon
Uzunligi 3991 mm bo‘lishiga qaramay, salon ichiga uch qator o‘rindiq joylashtirilgan. Gravite old qismida yirik panjara, C-simon dizayn elementlari va yangi LED kunduzgi chiroqlar bilan ajralib turadi. Uchinchi qator o‘rindiqlar bazaviy jihozga kiradi, ularni olib tashlaganda 625 litrli bagaj hajmi hosil bo‘ladi.

Jihozlanish
Model 8 dyuymli multimedia ekrani, 7 dyuymli raqamli panel, JBL akustikasi, old va orqa tomonni yozib oluvchi ikki tomonlama videoregistrator hamda simsiz quvvatlash tizimi bilan jihozlangan. Bazaviy komplektatsiyada 6 ta xavfsizlik yostiqchasi mavjud.

Texnik xususiyatlar
Avtomobil CMF-A+ platformasiga qurilgan. Unda 1,0 litrli uch silindrli, 71 ot kuchiga ega atmosferali dvigatel o‘rnatilgan. Xaridorlar 5 pog‘onali mexanik yoki EZ-Shift robotlashtirilgan uzatmalar qutisini tanlashi mumkin.

Narx va kelajak rejalari
Boshlang‘ich narx 565 ming rupiy (taxminan $6200) etib belgilangan. Maksimal jihozlangan Launch Edition cheklangan seriyasi (1001 dona) esa qariyb $9900 turadi.
Kompaniya ma’lum qilishicha, model ortidan Hindiston bozoriga yana ikki yangilik — yangi Renault Duster bazasidagi Tekton krossoveri va Dacia Bigster platformasiga asoslangan yirik krossover ham chiqariladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nissan Qozog‘istonda Qashqai va Patrol modellarini savdoga chiqargan edi.