
48 yoshli amerikalik bokschi Floyd Meyvezer to‘qqiz yillik tanaffusdan so‘ng professional sportga qaytib, sentabr oyida Menni Pakyao bilan revansh jangini o‘tkazadi. Bellashuv Las-Vegas shahridagi yangi Sphere arenasida bo‘lib o‘tishi belgilangan.

Boks tarixidagi eng mashhur sportchilardan hisoblangan Meyvezer va Pakyaoning dastlabki to‘qnashuvi 11 yil avval MGM Grand Garden arenasida bo‘lib o‘tgan edi. O‘shanda hakamlarning yakdil qaroriga ko‘ra amerikalik bokschi g‘alaba qozongan.
Meyvezer oxirgi marta 2017-yilning avgustida professional ringga chiqib, MMA jangchisi Konor Makgregorni 10-raundda texnik nokaut evaziga mag‘lub etgan. Pakyao esa so‘nggi bor o‘tgan yilning yozida ringga ko‘tarilib, yarim o‘rta vazn toifasida WBC chempioni Mario Barrios bilan durang qayd etgan edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Floyd Meyvezer va Mayk Tayson jangining sanasi va manzili aniq bo‘lgani haqida xabar bergan edi.