
Xiaomi atigi 16 sm uzunlikdagi yangi USB-C kabelini namoyish qildi. U asosan teskari zaryadlash (reverse charging) uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ikki qurilmani yonma-yon ulashda qulaylik yaratadi. Bu haqda NotebookCheck nashri xabar berdi.
Kabelning asosiy jihati — u 120 Vt gacha quvvatni qo‘llab-quvvatlaydi. Bu ko‘rsatkich hozirgi smartfonlarning teskari zaryadlash imkoniyatidan ancha yuqori, biroq kabelni oddiy quvvat adapteri bilan ham ishlatish mumkin.
Xiaomi mustahkamlikka alohida e’tibor qaratgan. Kabel to‘qilgan (pleteniy) himoya qoplama bilan qoplangan, bu uni bukilish va uzilishlarga chidamli qiladi. Eng qiziq tomoni — u aqlli kabel hisoblanadi: ichida maxsus chip mavjud bo‘lib, ulangan qurilmalarni avtomatik aniqlaydi va quvvat uzatishni xavfsiz boshqaradi.
Xitoy bozorida kabel narxi taxminan $1,5 etib belgilangan. Boshqa mamlakatlarda narx biroz yuqoriroq bo‘lishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xiaomi tuhmat ishi bo‘yicha 726 ming dollarlik sudda g‘alaba qozongani haqida yozgandi.