
Barselonada bo‘lib o‘tgan Mobile World Congress 2026 (MWC 2026) ko‘rgazmasida Tecno o‘zining asosiy taqdimotini o‘tkazib, kameraga urg‘u berilgan o‘rta narx segmentidagi Camon 50 smartfonlar liniyasini namoyish etdi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qildi, deya yozmoqda Rozetked.
Kompaniya barcha yangiliklar «Amaliy sun’iy intellekt hamma uchun» konsepsiyasi asosida ishlab chiqilganini ta’kidladi.
Camon 50: mobil suratga olishda yangi imkoniyatlar
Yangi seriyada suratga olish jarayonida sun’iy intellekt funksiyalariga alohida e’tibor qaratilgan. AI RAW 2.0 dvijogi tasvirni qayta ishlaydi, AI Auto Zoom obyektni avtomatik kuzatib kompozitsiyani shakllantiradi, SuperZoom FlashSnap esa uzoq masofadan tez harakatlanayotgan obyektlarni tiniq tasvirga olish imkonini beradi.

Butun liniya 50 MP asosiy sensor – Sony LYT-700C bilan jihozlangan professional kamera tizimiga ega. Camon 50 Ultra 5G modeli qo‘shimcha ravishda 50 MP teleobyektiv (3 karra optik zum) bilan ta’minlangan.
Kompaniya teri ranglarini tabiiy aks ettirishga ham urg‘u berdi. Universal Tone texnologiyasi tasvirni real ko‘rinishga maksimal yaqinlashtirishga xizmat qiladi. DxOMark rahbari Frederik Gishar ta’kidlashicha, Camon 50 Ultra 5G $600 gacha bo‘lgan segmentda teri rangini aniq uzatish bo‘yicha eng qiziqarli yechimlardan biri bo‘lishi mumkin.
Model MediaTek Dimensity 7400 Ultimate protsessorida ishlaydi, 6500 mA/soat sig‘imli akkumulyatorga ega hamda yuqori darajadagi chang va suvdan himoya bilan ta’minlangan.

Shuningdek, seriyada AI Art Gallery, AI Image-to-Video, One-Tap FlashMemo funksiyali maxsus tugma va yangilangan Ella ovozli assistenti ham mavjud.
Tonino Lamborghini bilan hamkorlik

MWC 2026 doirasida Tecno Tonino Lamborghini bilan hamkorlikni e’lon qildi. Tomonlar innovatsiya, yuqori samaradorlik va dizaynni uyg‘unlashtirish kabi umumiy qadriyatlarni birlashtirganini ma’lum qildi.
Hamkorlikning ilk mahsuli – Tonino Lamborghini Tecno Taurus (Mega Mini G1 Pro) mini-kompyuteri bo‘ldi. Qurilma metall korpusda ishlab chiqilgan bo‘lib, suyuqlik bilan sovitish tizimiga ega eng ixcham mini-PK sifatida taqdim etildi. U Intel Core i9-13900HK protsessori va Nvidia GeForce RTX 5060 grafik kartasi bilan jihozlangan.

Ko‘rgazmada, shuningdek, to‘liq metall korpusli Tecno Pova Metal Tonino Lamborghini smartfoni ham namoyish qilindi. Model 5G qo‘llab-quvvatlovchi Snapdragon platformasida ishlaydi va o‘ziga xos yorug‘lik matritsasi dizayni bilan ajralib turadi.
Bundan tashqari, Tecno yagona dizayn uslubidagi AIoT-ekotizim konsepsiyasini ham ko‘rsatdi. Unga noutbuklar, planshetlar va boshqa aqlli qurilmalar kiradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tecno Camon 50 va Camon 50 Pro smartfonlari narxlari haqida yozgandi.