
Audi kompaniyasi elektromobillarga to‘liq o‘tish rejasini qayta ko‘rib chiqmoqda. Kompaniya rahbari Gernot Dullner benzin dvigatellari brend modellari qatorida kamida 2030-yillargacha saqlanib qolishini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh bozorida elektromobillar savdosining sekinlashuvi va ichki yonuv dvigatelli avtomobillarga bo‘lgan barqaror talab Audi’ni yanada moslashuvchan strategiya tanlashga majbur qilgan.
Avvalroq kompaniya 2033-yilgacha to‘liq elektromobillarga o‘tishni rejalashtirgan edi. Biroq endi Audi qat’iy muddatlardan voz kechdi va bozor talabiga qarab harakat qilishni maqsad qilgan.
Dullnerning ta’kidlashicha, AQSh bozorida hali ham yirik yo‘ltanlamaslar va pikaplar talab yuqori. Bunday avtomobillar esa ko‘pincha ichki yonuv dvigatellari bilan ishlab chiqariladi. Shu sababli kompaniya yaqin yillarda benzin va gibrid modellarni rivojlantirishda davom etadi.

Audi mavjud platformalarni modernizatsiya qilib, gibrid texnologiyalar ulushini oshirmoqchi. Hozircha ichki yonuv dvigatelli avtomobillar uchun butunlay yangi platformalar ishlab chiqish rejalashtirilmagan. Ammo agar bozor talabi saqlanib qolsa, 2030-yillarning boshida bunday arxitekturalar bo‘yicha yangi qaror qabul qilinishi mumkin.
Bundan mustasno holda ayrim ixcham modellar to‘liq elektrga o‘tadi. Jumladan, Audi A3 va undan kichik segmentdagi avtomobillar Yevropa hamda Xitoy bozorlarida keyingi o‘n yillik boshida elektromobil sifatida ishlab chiqarilishi rejalashtirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Audi RS5 avtomobilining vazni 2,3 tonnaga yetgani haqida yozgan edi.