
Xitoyning Xpeng Motors kompaniyasi Xpeng G6 modelining yangi EREV versiyasini rasman taqdim etdi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda. Yangi krossover Xitoy bozorida $27 ming narxda sotuvga chiqdi.
Model kupe uslubidagi SUV bo‘lib, uzunligi 4 771 mmni tashkil etadi. Avtomobil 800 voltli elektr arxitekturasida qurilgan va tezkor zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, batareya ideal sharoitda 12 daqiqada 314 km masofaga yetadigan energiya to‘plashi mumkin.
Yangi G6 EREV 55,8 kVt/soat sig‘imli LFP batareyasi bilan jihozlangan. Elektromotor quvvati 218 kVt’ni tashkil etadi. Avtomobil 1,5 litrli turbobenzin dvigatel bilan ham jihozlangan. Bu dvigatel g‘ildiraklarni harakatlantirmaydi, balki generator sifatida ishlaydi va batareyani quvvatlaydi.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, avtomobilning sof elektr yurish zaxirasi 430 km ni tashkil etadi. Generator va yoqilg‘i baki yordamida umumiy yurish zaxirasi 1 704 km ga yetadi. Elektr energiyasi sarfi 100 km ga o‘rtacha 13,9 kVt/soatni tashkil etadi. Modelda yangi avlod sun’iy intellekt tizimi ham qo‘llanilgan. Tizim 2 250 TOPS hisoblash quvvatiga ega. Avtomobil 130 km/soat tezlikda avtomatik favqulodda tormozlash va burilish yordam tizimlarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Yangi krossover shuningdek adaptiv amortizatorlar, ikki richagli old osma va besh richagli orqa osma bilan jihozlangan. Bu esa avtomobilning barqarorligi va boshqaruvini yaxshilashga xizmat qiladi.

Model Xitoyda tez rivojlanayotgan EREV segmentida raqobatlashadi. Bu bozorning asosiy raqiblari qatoriga Li Auto L6 va Deepal S07 modellari kiradi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xpeng P7 avtomobili Qozog‘istonda sinovdan o‘tgani haqida yozgan edi.