
General Motors (GM) kompaniyasi yangi Buick Electra E7 modelining salon dizaynini rasman taqdim etdi. Bu haqda GMAutority nashri xabar bermoqda.
Yangi Electra E7 saloni kompaniyaning Aquatic Aesthetics deb nomlangan dizaynga asoslangan. Ushbu uslub ilgari Buick Electra L7 va Buick Electra Encasa modellarida ham qo‘llangan. Dizayn konsepsiyasi tog‘lar va daryolar manzarasidan ilhomlangan bo‘lib, keng, yorug‘ va qulay interyer yaratishga qaratilgan.

Salon ikki rangli gorizontal panel bilan ajralib turadi. Markaziy qismda katta multimedia ekrani joylashgan, uning yonida alohida raqamli instrument panel mavjud. Minimalistik uslub yuqori sifatli materiallar bilan uyg‘unlashtirilgan. O‘rindiqlar, panel va eshik qoplamalari yumshoq charm bilan qoplangan. Interyer metall bezak elementlari hamda 256 rangli aqlli yoritish tizimi bilan to‘ldirilgan.
Yangi model o‘rindiqlari ham yangicha konstruktsiyaga ega. Old o‘rindiqlarda ko‘p nuqtali massaj funksiyasi mavjud. Shuningdek, ular orqa o‘rindiqlar bilan bir tekis holatga kelib, salonni kichik dam olish hududiga aylantirishi mumkin.

Avtomobil ikki qavatli panoramali tom bilan jihozlangan. Shuningdek, orqa yo‘lovchilar uchun 15,6 dyuymli tomga o‘rnatilgan multimedia ekrani ham mavjud. Bundan tashqari, premium audio tizim va yaxshilangan ovoz izolyatsiyasi ham taklif etiladi.

2026-yilgi Buick Electra E7 PHEV modeli Xitoyda ishlab chiqilgan va asosan ichki bozor uchun mo‘ljallangan. Kompaniya modelning boshqa texnik xususiyatlarini sotuv boshlanishi arafasida bosqichma-bosqich ochib berishni rejalashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri «Omadsiz» Chevrolet avtomobillari haqida yozgan edi.